Oʻzbekiston va Lamar Holding investitsiya hamkorligi va infratuzilma loyihalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Lamar Holding investitsiya hamkorligi va infratuzilma loyihalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Kudratov hamda Lamar Holding kompaniyasi Prezidenti va asoschisi doktor Lina Nureddin boshchiligidagi Bahrayn Qirolligi delegatsiyasi o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va infratuzilma loyihalarini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar energetika hamda ijtimoiy infratuzilma sohalarida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) tamoyillari asosida loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. 2026-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan DXSh loyihalari taqdim etildi.
Elektr va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish, suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirish, tibbiyot muassasalarini qurish hamda zamonaviy maktablar barpo etish dasturini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Pilot tashabbuslarni ishlab chiqish va texnik maslahatlashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Lamar Holding 2008-yilda Bahraynda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy faoliyati Saudiya Arabistonida yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya neft-gaz, suv xo‘jaligi va infratuzilma sohalarida yirik DXSh loyihalariga ixtisoslashgan. Loyihalar portfeli – 2,5 mlrd AQSh dollari, aktivlari – 500 mln AQSh dollari, 20 dan ortiq sho‘ba korxonasi va 5 000 nafardan ziyod xodimga ega.