Oʻzbekiston va Koreya xususiy urugʻchilik klasterini tashkil etishga kelishib oldilar
Oʻzbekiston va Koreya xususiy urugʻchilik klasterini tashkil etishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Koreya Respublikasida bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuxurov “GW International Co., Ltd” kompaniyasining moliyaviy va savdo direktori Xyoli Cho bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda O‘zbekistonda xususiy urug‘chilik klasterini tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Mazkur klaster orqali koreyalik olimlar yaratgan yuqori hosildor va eksportbop pomidor, shirin qalampir, tarvuz, sabzi, brokkoli, gulkaram, karam, baqlajon kabi sabzavotlarning F1 duragaylarini yetishtirish, saralash va zamonaviy qadoqlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘rtasida Memorandum imzolandi.
Delegatsiya tashrifi davomida Chxunchxonnamdo provinsiyasidagi “JADAM Institute of Organic Agriculture” ilmiy markazida ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar organik qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish va ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi. Muzokaralar yakunida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda meva-sabzavot, poliz ekinlari yetishtiruvchi dehqon xo‘jaliklari, fermerlarga super arzon agrotexnologiyalar o‘rgatiladi.
Shuningdek, Korea Rural Community Corporation — KRC korporatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuvda amaldagi qo‘shma loyihalar ijrosi ko‘rib chiqildi, istiqboldagi yangi tashabbuslar muhokama etildi. Muhokamalarda, O‘zbekistonda ko‘chat yetishtirish zanjiriga Koreya standartlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Bu O‘zbekistonda ko‘chatchilik zanjirini yaratishga juda katta hissa qo‘shadi. Ko‘chatlar fermer dalasiga yetib borguncha bo‘lgan jarayonlar takomillashtiriladi.
Koreyada har bir ko‘chatning “tarixi” bo‘lishi qat’iy talab sifatida qo‘llanadi: payvandtag turi, payvand qilingan sana, yetishtiruvchi xo‘jalik, virusga qarshi test natijalari kabi batafsil ma’lumotlar QR-kodda jamlanadi. Shuningdek, har bir nav maxsus rangli birkalar bilan belgilab boriladi. Bu tizim kasallik manbaini zudlik bilan aniqlash, mas’uliyatni oshirish va bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston uchun ushbu tajribani joriy etish — agrar tarmoqda shaffoflikni kuchaytirish, ko‘chatchilikda yangi standartlarga o‘tish va eksport salohiyatini oshirish sari muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.