Oʻzbekiston va Koreya taʼlim sohasida strategik hamkorlikni mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va Koreya taʼlim sohasida strategik hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Koreya–O‘zbekiston universitet rektorlarining II forumi” doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti direktori Uzoqboy Begimqulov Koreya Respublikasi Ta’lim vaziri o‘rinbosari Pak Son Min bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi maxsus strategik sheriklik munosabatlari ta’lim yo‘nalishida izchil rivojlanayotgani qayd etildi. Xususan, O‘zbekistonda Koreya OTMlari filiallarining faoliyati, koreys tili markazlari sonining ortib borayotgani, koreys tilini o‘rganayotgan talabalar ko‘paygani hamda Janubiy Koreyada 16 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talabalarning tahsil olayotgani hamkorlikning samarali natijalari sifatida e’tirof etildi.
Pak Son Min Koreya hukumati xorijiy talabalar uchun mamlakatda qulay ta’lim va yashash sharoitlari yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan “Ta’limda sun’iy intellektdan foydalanishga o‘rgatish bo‘yicha O‘zbek–Koreya markazi”ni tashkil etish tashabbusi Koreya tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, tegishli ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilishi bildirildi.
Uchrashuvda Rektorlar forumini muntazam – har ikki yilda bir marta o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur taklif ikki davlat ta’lim vazirliklari o‘rtasidagi Anglashuv memorandumi loyihasiga kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Pak Son Min, shuningdek, O‘zbekistonda koreys tilini rivojlantirishga ko‘mak berish maqsadida boshlang‘ich va o‘rta ta’lim maktablariga koreys tili o‘qituvchilarini yuborish, Koreya burchaklarini tashkil etish va o‘quv qo‘llanmalarini yetkazib berish borasida tayyorligini bildirdi. Koreys tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha treninglar Toshkentda, amaliy darslar esa Janubiy Koreyada tashkil etilishi ma’lum qilindi.