Oʻzbekiston va JST texnologik konferensiyada bojxona sohasida raqamlashtirish va innovatsiyalarni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va JST texnologik konferensiyada bojxona sohasida raqamlashtirish va innovatsiyalarni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shu kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Jahon bojxona tashkilotining Texnologik konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda.
Nufuzli xalqaro tadbirda Bojxona qoʻmitasi Raisi A.Mavlonov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.
Konferensiyada asosiy eʼtibor bojxona organlarining texnologik rivojlanishini jadallashtirish, raqamli va innovatsion yondashuvlar boʻyicha ilgʻor xalqaro tajribalarni oʻrganish hamda ularni milliy amaliyotga joriy etishga qaratilgan boʻlib, nufuzli anjuman doirasida koʻrgazma ham tashkil qilingan.
Konferensiya birinchi ish kunining oʻzidayoq Bojxona qoʻmitasi Raisi A.Mavlonov va Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Yan Sondersning ikki tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tomonlar dastlab kuni kecha dunyo boʻylab keng nishonlangan “26-yanvar – Xalqaro bojxonachilar kuni” bilan bir-birlarini muborakbod etishdi. Xususan, Bosh kotib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bojxona sohasi xodimlariga yoʻllangan tabrikda Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikka alohida urgʻu berilganini olqishladi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Jahon bojxona tashkiloti oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan bojxona xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, hamkorlikda oʻquv tadbirlarni tashkil etish, shuningdek, hamkorlikning kelgusidagi istiqbolli yoʻnalishilari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
A.Mavlonov Jahon bojxona tashkilotining Kinologiya boʻyicha 7-Global forumi joriy yilda Oʻzbekistonda oʻtkazilishi boʻyicha qaror qabul qilinganligi uchun Bosh kotib Yan Sondersga minnatdorlik bildirib, bu qaror Bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazi faoliyatiga bildirilgan xalqaro darajadagi eʼtirof ekanligini taʼkidladi.
Uchrashuvda, shuningdek, Bojxona institutiga Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy oʻquv markazi maqomini berish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Yakunda, Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun tashkilot Bosh kotibi Yan Sonders Bojxona qoʻmitasining yaqinda taʼsis etilgan “Xalqaro hamkorlik uchun” koʻkrak nishoni bilan birinchi boʻlib taqdirlandi.
Bojxona qoʻmitasi delegatsiyasining BAAga tashrifi davom etmoqda.