Oʻzbekiston va Janubiy Koreya temir yoʻl sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va Janubiy Koreya temir yoʻl sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 22-yanvar kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida jamiyat Bosh muhandisi Sh.T. Kadirov hamda Koreya Respublikasi Temir yo‘l korporatsiyasi (KORAIL) Ijrochi vise-prezidenti Cho Chin Xvan ishtirokida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida avval erishilgan kelishuvlarning ijrosi, ularni amalga oshirish jarayonida qo‘lga kiritilgan natijalar hamda kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ faoliyatida raqamlashtirish sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘l qurilishi loyihasi bo‘yicha hamkorlik qilish, yuqori tezlikdagi tezyurar poyezdlarga chuqur texnik xizmat ko‘rsatish deposini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizga yangi olib kelinayotgan “Hyundai Rotem” kompaniyasida ishlab chiqarilgan yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish sohasida tajriba almashish, shuningdek ushbu yo‘nalishda texnik xodimlar uchun o‘zaro malaka oshirish va tajriba almashish dasturlarini tashkil etish masalalari yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida kelgusidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumiga qo‘shimcha ilova imzolandi.