Oʻzbekiston va Janubiy Koreya taʼlim va ilmiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Janubiy Koreya taʼlim va ilmiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov Koreyada Inha universiteti Prezidenti Myong Vu Cho bilan uchrashuv o‘tkazib, ikki tomonlama ta’lim va ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti assistentlari va xodimlarini Koreya Respublikasidagi Inha universitetining doktorantura (PhD) dasturlariga yuborish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va logistika texnologiyalari yo‘nalishlarida qo‘shma laboratoriyalar va ilmiy markazlar tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Kompyuter injiniringi yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma magistratura (MS) dasturini joriy etish tashabbusi ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichi sifatida ma’qullandi.
Bitiruvchi talabalar uchun Inha universitetining magistratura (MBA) dasturi bo‘yicha grantlar ajratish masalasi ham muhokama qilinib, tanlov mexanizmi va kvotalarni belgilash bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.
Muzokaralar chog‘ida Inha universitetining Aerokosmik sanoat–akademiya hamkorlik instituti (IIACI) faoliyati haqida ham fikr almashildi. Tomonlar aviatsiya va kosmik sanoat sohasida Koreya Respublikasining mazkur institut orqali to‘plagan ilg‘or tajribasini O‘zbekistondagi ta’lim va ilmiy-amaliy faoliyatga bosqichma-bosqich tatbiq etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.