Oʻzbekiston va Jahon banki taʼlim va ijtimoiy infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Jahon banki taʼlim va ijtimoiy infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29-yanvar kuni Jahon bankining ta’lim bo‘yicha katta mutaxassisi Iv Shantsem hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Jahon bankining ta’lim bo‘yicha katta mutaxassisi Tigran Shmis, Jahon bankining ta’lim bo‘yicha mutaxassisi Viktoriya Babaxodjayeva hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan atroflicha fikr almashdi.
Xususan, ijtimoiy sohada o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, ta’lim sohasida natijaga asoslangan dastur (Program-for-Results, PforR) doirasida infratuzilma loyihalarini shakllantirish va amalga oshirishda hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga mos yangi avlod ta’lim muassasalarini barpo etish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Jumladan, zamonaviy maktablarni qurish bo‘yicha 55 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini, shu jumladan 5 million AQSH dollari grant mablag‘larini jalb etish, shuningdek, 70 million AQSH dollari miqdoridagi maktabgacha ta’lim muassasalarini barpo etish loyihasi yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar mazkur loyihalarni o‘zaro uyg‘unlashtirish, birlashtirish va optimallashtirish orqali ularning samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, ushbu loyihalarni PforR mexanizmi asosida shakllantirish, moliyalashtirish jarayonida yangicha yondashuvlarni qo‘llash, mablag‘larni jalb etish va ularni qaytarish jarayonlarida aniq, o‘lchab bo‘ladigan va natijaga yo‘naltirilgan KPIlar (asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari)ni ishlab chiqish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Bundan tashqari, taʻlim va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurishda zamonaviy va “yashil” texnologiyalarga asoslangan energiya samarador binolarni barpo etish, resurslardan oqilona foydalanish hamda ilgʻor xalqaro tajribalarni joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida loyihalarni samarali amalga oshirish uchun barqaror va samarali moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish, loyiha tayyorlash va monitoring jarayonlarini takomillashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlikni yanada mustahkamlash, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish hamda o‘zaro muloqotni tizimli ravishda davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.