Oʻzbekiston va Italiya qishloq xoʻjaligi taʼlimi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Italiya qishloq xoʻjaligi taʼlimi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Poytaxtda o‘tkazilayotgan “Italiya – Markaziy Osiyo (C5) + Ozarbayjon” biznes-forumi doirasida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida agrar sohada kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda.
“Confagricoltura” tashkiloti vitse-prezidenti Luka Brondelli hamda ijrochi yordamchi Kevin Pimpinelli Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi Kadrlar malakasini oshirish instituti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida institut faoliyati, xususan, xorijda vaqtinchalik mehnat qiladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimi muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistondan Italiyaga yuborilayotgan xodimlar uchun italyan tili va mehnat xavfsizligi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.
Italiya delegatsiyasi institutdagi zamonaviy infratuzilma va ta’lim sharoitlarini yuqori baholab, qo‘shma loyihalarni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar agrar sohada bilim va tajriba almashinuvini kuchaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish hamda o‘quv dasturlarini xalqaro talablar asosida takomillashtirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.