Valyuta kurslari 20/11/2025
$1 – 11910.93
UZS – -0,25%
€1 – 13784.52
UZS – -0,4%
₽1 – 147.49
UZS – 0,06%
Qidirish
Oʻzbekiston va Ispaniya qishloq xoʻjaligi boʻyicha memorandum imzoladilar

Oʻzbekiston va Ispaniya qishloq xoʻjaligi boʻyicha memorandum imzoladilar

Oʻzbekiston va Ispaniya qishloq xoʻjaligi boʻyicha memorandum imzoladilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni paytda Ispaniyada bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro Zaytun Kengashining 122-sessiyasi doirasida Ispaniya Qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va oziq-ovqat vaziri Luis Planas Puchades bilan uchrashdi.

Samimiy ruhda boshlangan muloqotda qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarni joriy etish, suv resurslari tanqisligi sharoitida samarali texnologiyalardan foydalanish hamda o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Vazir Ibrohim Abdurahmonov o‘z navbatida, mamlakatimizning bog‘dorchilik, sabzavotchilik va gilos yetishtirish sohasidagi imkoniyatlar, shuningdek, suv tanqisligi, sho‘rlanish va sovuqqa chidamli navlarga ehtiyoj borligi haqida ma’lumot berdi.

Ispaniya esa o‘z tajribasi — aniq sug‘orish texnologiyalari, CRISPR asosidagi seleksiya, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi va agrar ta’lim-ilmiy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha samarali amaliyotlari bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi kooperativlarini rivojlantirish, mahsulotni qayta ishlash va eksport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha ispan ekspertlari bilan yaqin hamkorlik zarurligini qayd etdi. Ispaniya biznesining O‘zbekistonda zaytunchilik yo‘nalishidagi investitsiya imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida institutlararo hamkorlikni mustahkamlash, davlat tashriflari doirasida qo‘shma tashabbuslarni belgilash va strategik yo‘nalishlarni kengaytirish borasida kelishuvga erishildi.

Muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling