Oʻzbekiston va Ispaniya investitsiya, savdo va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Ispaniya investitsiya, savdo va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Madrid shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Ispaniya biznes-forumda mamlakatimizning investitsiya va eksport salohiyati keng namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Biznes-forum davomida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida “B2B” formatida turli uchrashuvlar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov O‘zbekiston–Ispaniya o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning murojaatini tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova o‘qib eshittirdi.
Ispaniya tomonidan so‘zga chiqqan Iqtisodiyot, savdo va biznes vazirligining Yevropa, Osiyo va Okeaniya bo‘yicha bosh direktori o‘rinbosari Laura Xariyo va Savdo palatasining xalqaro direktori Mikaela Pikasso O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini alohida ta’kidladi.
Forum davomida Ispaniya va O‘zbekistonning yetakchi kompaniyalari vakillari faol ishtirok etdi.
Ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston haqidagi videorolik namoyish etilib, iqtisodiy soha yo‘nalishida maxsus taqdimotlar o‘tkazildi. Ishtirokchilarga mamlakatimizning investitsiyaviy va sanoat salohiyati, jumladan, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, sanoat zonalarini rivojlantirish va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar taqdim etildi.
O‘zbekistonningtegishli vazirliklari hamda Samarqand, Toshkent va Andijon viloyatlari vakillari onlayn formatda investitsiyaviy va iqtisodiy imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot namoyish qildi. Oflayn tarzda Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Zafar Yo‘ldoshev O‘zbekiston agrosanoat majmuasi salohiyati haqida ma’ruza qildi.
Ispaniya tomonidan yetakchi kompaniyalar – “Almar Water Solutions” vitse-prezidenti Aransasu Mensiya, “New Greenhouse Projects” tijorat direktori Migel Rinkon va “Feeding Systems” ijrochi direktori Fransisko Vilor taqdimot o‘tkazib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq tashabbuslarni ilgari surdi.