Oʻzbekiston va Ispaniya biznes hamkorligini mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va Ispaniya biznes hamkorligini mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 3-fevral kuni Madrid shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov Ispaniya Qirolligi savdo palatasi rahbari Xose Luis Bonet Ferrer bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning joriy holati hamda istiqboldagi yo‘nalishlari muhokama qilindi. Ispaniya Yevropa Ittifoqi doirasida O‘zbekistonning muhim hamkorlaridan biri ekani qayd etildi.
So‘nggi olti yil davomida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobarga oshib, 2025-yil yakunlariga ko‘ra 106,4 million AQSh dollarini tashkil etdi. Shu bilan birga, hozirgi savdo hajmlari ikki mamlakat iqtisodiyotlarining salohiyatini to‘liq aks ettirmayotgani ta’kidlandi.
Ispaniya savdo palatasi prezidenti Xose Luis Bonet Ferrer O‘zbekistonda savdoni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda xorijiy investorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan tarkibiy islohotlar o‘z samarasini berayotganini, shuningdek, ispan biznes hamjamiyatining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi bosqichma-bosqich ortib borayotganini ta’kidladi.
O‘zbekistondagi barqaror me’yoriy-huquqiy muhit, amaldagi soliq va bojxona imtiyozlari, erkin iqtisodiy zonalar, sanoat parklari hamda tarmoq klasterlari mavjudligi mamlakatni investorlar uchun jozibador etayotgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, amaliy va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, maqsadli B2B-uchrashuvlar va biznes-forumlar o‘tkazish, jumladan, ispan tadbirkorlarining Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishiga ko‘maklashish hamda 2026-yilda Madrid shahrida O‘zbekiston–Ispaniya biznes-forumini birgalikda tashkil etishga qaratilgan intilish tasdiqlandi.
Shuningdek, Ispaniya savdo palatasi (Camara de Comercio de Espana) Ispaniya hududida faoliyat yurituvchi 85 ta hududiy palatani hamda Yevropa, Amerika, Osiyo, Afrika va Avstraliyaning 40 dan ortiq mamlakatlarida joylashgan 44 ta xorijiy vakolatxonani birlashtiruvchi milliy tashkilot ekani qayd etildi.
Mazkur palata Ispaniya biznesi manfaatlarini ifodalaydi, xalqaro savdo va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar xalqarolashuviga ko‘maklashadi hamda xususiy sektor bilan davlat va xalqaro tuzilmalar o‘rtasida vositachi sifatida faoliyat yuritadi.