Oʻzbekiston va Iroq savdo aloqalarini rivojlantirishga kelishib oldilar
Oʻzbekiston va Iroq savdo aloqalarini rivojlantirishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasining Iroqning Bag‘dod shahriga amalga oshirilgan ishchi tashrifi doirasida Iroq Savdo vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari G‘assan Hamid bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shoxrux Gulamov, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov, mamlakatimizning Iroqdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ayubxon Yunusov ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida Iroq bozoriga chiqishda logistika va bojxona jarayonlarini soddalashtirish, tarif va notarif to‘siqlarni kamaytirish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish bo‘yicha talablarni uyg‘unlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ikki tomon tadbirkorlarining 1–7 fevral kunlari Bag‘dodda bo‘lib o‘tadigan Bag‘dod Xalqaro ko‘rgazmasining 49-sessiyasida faol ishtirok etishiga kelishib oldi. Bu tadbir O‘zbekiston kompaniyalari uchun yangi shartnomalar, hamkorlik loyihalari va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yaratadi.
Uchrashuv yakunlarida savdo aloqalarini rivojlantirish, biznes uchun qulay shart-sharoit yaratish va amaliy natijalarga erishish maqsadida muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.