Oʻzbekiston va Indoneziya oʻrtasida savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi
Oʻzbekiston va Indoneziya oʻrtasida savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2-mart kuni videokonferensiya tarzida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Indoneziya Respublikasi Savdo vaziri Budi Santoso o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar o‘zaro munosabatlarning barqaror ijobiy sur’atlarda rivojlanayotganini hamda 2025-yilda ikki tomonlama savdo hajmi sezilarli darajada, ya'ni 82 foizga oshganini alohida ta’kidladilar.
Muzokaralar yakunida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish, karantin va fitosanitariya tartib-taomillarini jadallashtirish, shuningdek, halol sertifikatlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Belgilangan chora-tadbirlarni amaliy mexanizmlar orqali izchil amalga oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Savdo va investitsiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim hamda O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida Erkin savdo bitimini tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqida qo‘shma bayonot imzolandi.
Tomonlar erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga hamda uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli va tizimli sheriklikni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdilar.