Oʻzbekiston va Hindiston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va Hindiston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish doirasida "India–Uzbekistan Pharma Business Meet" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Hindistonning yetakchi farmatsevtika kompaniyalari hamda "Pharmaceuticals Export Promotion Council of India" (Pharmexcil) vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Smita Pant hamda Pharmexcil bosh direktori Raja Bxanu ishtirok etib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar.
O‘zbekiston tomonidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov mamlakatning investitsiyaviy va sanoat salohiyatini taqdim etib, ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilish, texnologiyalar transferi va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlariga alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, "Tashkent Pharma Park" farmatsevtika klasteri - (Bio Pharma City) hududining investitsiyalarni jalb etish va ishlab chiqarishni joylashtirishdagi strategik ahamiyati alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirib, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish maqsadida muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.