Oʻzbekiston va Gruziya Poti porti bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Gruziya Poti porti bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 23-dekabr kuni Transport vaziri Ilhom Maxkamov Gruziyaning "Poti New Terminals" Konsorsiumi Direktorlar kengashi raisi Tamas Chxikvishvili hamda Konsorsium prezidenti David Chikvaidze bilan uchrashdi.
Uchrashuvda I.Maxkamov Shimol–Janub va Sharq–G‘arb yo‘nalishidagi xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish O‘zbekiston uchun muhimligini ta’kidlab, ushbu jarayonda Gruziya hududidan o‘tadigan O‘rta yo‘lakning alohida ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Shu nuqtayi nazardan, mazkur yo‘lakning muhim bo‘g‘ini hisoblangan Poti porti bilan hamkorlikni kengaytirish dolzarb ahamiyat ega ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
D. Chikvaidze Transport vazirligining Gruziya Barqaror rivojlanish va infratuzilma vazirligi bilan hamkorlik munosabatlarini yuqori baholadi va Konsorsium vazirliklar o‘rtasidagi strategik kelishuvlarni amalda joriy etishga tayyor ekanligini bildirdi.
T.Chxikvishvili Gruziya tomoni O‘zbekiston yuk jo‘natuvchilari va biznes hamjamiyati vakillari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qiziqishi yuqori ekanligini ta’kidladi.
Muzokaralar yakunida I.Maxkamov O‘zbekiston tashuvchilari uchun har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidladi. Konsorsiumning amaliy imkoniyatlarini batafsil o‘rganish maqsadida Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va biznes hamjamiyati vakillari uchun sayyor tur tashkil etishni taklif etdi.