Oʻzbekiston va Gruziya oliygohlari oʻrtasida hamkorlik kengaymoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev boshchiligidagi delegatsiyaning Gruziyaga xizmat safari davom etmoqda.
Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Gruziya texnika universiteti hamda Telavi Davlat universitetiga tashrif buyurib, ushbu oliygohlarning rektorlari David Gurgenidze va Shalva Chkadua bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida Toshkent davlat agrar universiteti hamda Gruziya texnika universiteti oʻrtasida imzolangan memorandum asosida “Ipakchilik va tutchilik” yoʻnalishi boʻyicha “2+2” formatidagi qoʻshma taʼlim dasturi tashkil etilgani qayd etildi.
Muzokaralar natijasida professor-oʻqituvchilar va texnik mutaxassislar uchun qisqa muddatli stajirovkalar tashkil etish, qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, qoʻshma ilmiy tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va moliyalashtirish uchun arizalar tayyorlash hamda talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, Gruziya tajribasi asosida biologiya va biotexnologiya yoʻnalishida kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirishga kelishildi.
Tashrif davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Telavi Davlat universiteti oʻrtasida turizm sohasi boʻyicha hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bundan tashqari, Toshkent davlat agrar universiteti va Telavi Davlat universiteti oʻrtasida hamkorlik hujjati imzolandi. Ushbu kelishuv asosida “Uzumchilik va vinochilik” mutaxassisligi boʻyicha 1+1 shaklidagi qoʻshma taʼlim dasturini ochish rejalashtirildi.
Qayd etilganidek, mazkur tashrif oliy ta’lim tizimida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va Oʻzbekiston oliygohlarining xalqaro miqyosda integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.