Oʻzbekiston va Gomel viloyati oʻrtasida savdo hamkorligi mustahkamlanmoqda

Oʻzbekiston va Gomel viloyati oʻrtasida savdo hamkorligi mustahkamlanmoqda

Oʻzbekiston va Gomel viloyati oʻrtasida savdo hamkorligi mustahkamlanmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 24 mart kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasining Gomel viloyati ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi anʼanaviy do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishga qaratilgan muhim platformaga aylandi.

Forum davomida ikki tomonlama savdo munosabatlarining ijobiy dinamikasi alohida taʼkidlandi. Jumladan, 2025 yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 965 million dollarni tashkil etgani qayd etildi. Tomonlar yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni 1 milliard dollardan oshirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldilar.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston tomonidan tekstil, metall va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Belarus esa go‘sht-sut mahsulotlari, farmatsevtika va sanoat uskunalari yetkazib berish hajmini izchil oshirib bormoqda.

Forumda O‘zbekistonning oziq-ovqat, qurilish, mebel va to‘qimachilik sohalarida faoliyat yuritayotgan 50 ga yaqin yetakchi tadbirkorlari ishtirok etdi. Belarus delegatsiyasi tarkibidagi yirik sanoat korxonalari o‘zlarining eksport salohiyati va investitsiyaviy imkoniyatlarini taqdim etdilar. Tomonlar ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildilar.

Tadbir doirasida Gomel viloyati hamda Toshkent viloyati Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, go‘sht-sut mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi texnikasi va yog‘och mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha tijorat shartnomalari imzolandi.

Mazkur kelishuvlar ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida uzoq muddatli va barqaror hamkorlikni mustahkamlash, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda o‘zaro savdo hajmini yana-da oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling