Oʻzbekiston va GGGI yashil iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirish va Parij kelishuvini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va GGGI yashil iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirish va Parij kelishuvini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida GGGI hamkorligida amalga oshirilayotgan ikkita loyiha muhokamasi bo‘lib o‘tdi: “Parij bitimini amalga oshirishga ko‘maklashish” (8,5 mln dollar, 2026–2030) va “Markaziy Osiyoda iqlim moliyasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish” (400 ming yevro, 2025–2026).
Uchrashuvda loyihalarni rejalashtirish, joriy etish, shuningdek, hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.Cocoon AI Summary
2026-yil 16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida Global Green Growth Institute (GGGI) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan quyidagi 2 ta loyiha muhokamasi yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi:
- “O‘zbekiston tomonidan Parij bitimini amalga oshirishga ko‘maklashish va 6-moddaga muvofiq Koreya Respublikasi bilan birgalikdagi harakatlarni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi;
Loyiha qiymati 8,5 mln dollar, 2026-2030-yillarda amalga oshirish mo‘ljallangan bo‘lib, KOICA moliyaviy-texnik ko‘magi (grant) mablag‘lari hisobidan amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
- “Markaziy Osiyoda iqlim moliyasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish” loyihasi.
Loyiha qiymati 400 ming yevro, 2025-2026-yillarda amalga oshirish mo‘ljallangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasida iqlim moliyasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish va moliya sektorida yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirish orqali yashil investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Uchrashuv davomida asosiy e’tibor kelgusi davrda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma loyihalarni rejalashtirish masalalariga hamda ilgari tasdiqlangan tashabbuslarning asosiy amalga oshirish parametrlarini muhokama qilishga qaratildi.
Shuningdek, energetika, resurslarni boshqarish va barqaror rivojlanish sohalarida pilot yechimlarni joriy etish bo‘yicha takliflar, ularni amalga oshirish hamda mahalliy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda ehtimoliy joylashuv hududlarini aniqlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, qo‘shma tashabbuslarni institutsional va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, salohiyatni oshirish choralari, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish doirasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqlab, amaldagi kelishuvlar doirasida qo‘shma ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.