Oʻzbekiston va GEF Assambleya oldidan hamkorlikni mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va GEF Assambleya oldidan hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va Global ekologik fond (GEF) bosh ijrochi direktori Klod Gaskon o‘rtasida videomuloqot bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida tomonlar Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan VIII GEF Assambleyasiga tayyorgarlikning tashkiliy jihatlarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, Assambleyaning ishbilarmonlik va madaniy dasturining bir qator muhim yo‘nalishlari, jumladan, “Boqiy shahar” majmuasida madaniy tadbirlar tashkil etish hamda yoshlar san’at ko‘rgazmasini o‘tkazish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv davomida mutaxassislarni professional almashinuv va salohiyatni oshirish maqsadida GEFga yuborishni nazarda tutuvchi dasturni amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolashga ham e’tibor qaratildi.
Shuningdek, “Markaziy Osiyo tog‘ ekotizimlari” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish uchun 5,4 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi tasdiqlangani ma’lum qilindi. Ushbu loyiha Jahon banki ishtirokida amalga oshiriladi. GEF O‘zbekistonga jamg‘armaning donor davlatiga aylanish imkoniyatini ham ko‘rib chiqishni taklif etdi.
Bu maqom respublikaga tashkilot moliyaviy resurslarini taqsimlash bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish imkonini beradi.
Bundan tashqari, umumiy budjeti 26 million AQSh dollarini tashkil etuvchi “Markaziy Osiyo suv va yer resurslari o‘zaro bog‘liqligi (CAWLN)” mintaqaviy dasturini ishga tushirishga bag‘ishlangan yuqori darajadagi davra suhbati o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
GEF, shuningdek, Markaziy Osiyoda yirik mushuksimon hayvonlar populyatsiyasini saqlashga qaratilgan mintaqaviy loyihani ishlab chiqish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va GEF o‘rtasida hamkorlik yuqori suratda davom etishi, shuningdek, barqaror rivojlanishni ilgari surish va mintaqadagi dolzarb ekologik muammolarni hal etishga e’tibor yanada kuchaytirilishi ta’kidlandi.