Oʻzbekiston va Eron qoʻshma sanoat loyihalarini jadallashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Eron Islom Respublikasi sanoat, konlar va savdo vaziri Muhammad Atabak bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari, shuningdek, ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Metallurgiya va transport sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shma ishlab chiqarishni rag‘batlantirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi 220 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritib, sanoat va infratuzilma yo‘nalishlarida loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.
Tomonlar iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash hamda barqaror hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.