Oʻzbekiston va e& telekommunikatsiya infratuzilmasi va raqamli xizmatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va e& telekommunikatsiya infratuzilmasi va raqamli xizmatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 5-fevral kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Birlashgan Arab Amirligining 189 million abonentga ega va dunyoning 38 ta davlatida xizmat koʻrsatayotgan e& (Etisalat And) (Emirates Telecommunications Group Company PJSC) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalarida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish hamda texnologik va infratuzilmaviy integratsiya imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlik markazi sifatidagi strategik o‘rniga alohida e’tibor qaratdilar.
Muzokaralar doirasida e& delegatsiyasi kompaniyaning global faoliyati, xalqaro bozorlardagi tajribasi hamda telekommunikatsiya va raqamli xizmatlar sohasidagi ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Vazir Sherzod Shermatov O‘zbekistonda so‘nggi yillarda telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish va xalqaro investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.
Tashrif doirasida delegatsiya IT Park faoliyati, shuningdek, Yagona integrator — UZINFOCOM tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Davlat boshqaruvi va xizmatlar ko‘rsatish sohasida raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha erishilgan natijalar, shuningdek, O‘zbekistonni mintaqaviy va xalqaro AT-habga aylantirish yo‘lidagi ustuvor vazifalar taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tashabbus va loyihalarni ishlab chiqish, shuningdek, mintaqaviy raqamli bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.