Oʻzbekiston va DoCotton Group toʻqimachilik sanoati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va DoCotton Group toʻqimachilik sanoati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 28-yanvar kuni Anqara shahrida Turkiyaning yetakchi to‘qimachilik kompaniyalaridan biri “DoCotton Group” Boshqaruv kengashi raisi Mehmet Dog‘an hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: DoCotton Group — Turkiyada joylashgan yetakchi paxta yetishtirish, to‘qimachilik xom ashyosi ta’minoti va qayta ishlash bo‘yicha xalqaro kompaniya hisoblanadi. Kompaniya paxta yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash va global bozorga yetkazib berishgacha bo‘lgan butun to‘qimachilik qiymat zanjirida faoliyat yuritadi.
Uchrashuv davomida tomonlar to‘qimachilik sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Xususan, xalqaro barqarorlik va sifat standartlari — GOTS, OCS, OEKO-TEX, Regenerative Agriculture (RegAgri) hamda BCI talablariga muvofiq paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda charm va ipak sanoatini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi hamda sohada uglerod birliklarini shakllantirish va ularni sotish mexanizmlarini joriy etish, ekologik toza ishlab chiqarish hamda “yashil” texnologiyalarni keng tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amali va uzoq muddatli strategik hamkorlikni rivojlantirish, yuqoridagi masalalar yuzasidan fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirish hamda aniq yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish kelishib oldi.