Oʻzbekiston va Chexiya investitsiya hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Chexiya investitsiya hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 9-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Akram Aliyevning Chexiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Lyubomir Frebort bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini, shuningdek, bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik masalalarini muhokama qildilar.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston-Chexiya sherikligini yanada mustahkamlash hamda savdo-iqtisodiy aloqalar va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
2025-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 200 million dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Chexiya sarmoyasi ishtirokidagi 44 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hamkorlik aloqalari kimyo, farmatsevtika va qurilish tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi, uskunalar ishlab chiqarish, shuningdek, logistika va IT-xizmatlari kabi sohalarni qamrab olgan.