Oʻzbekiston va Braziliya parlamentlararo hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar
Oʻzbekiston va Braziliya parlamentlararo hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 11-dekabr kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Braziliya Federativ Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Syuzan Kleyebank bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston–Braziliya munosabatlari va parlamentlararo hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiy rivojlanish, investitsiya muhiti va kadrlar salohiyati yuqori baholandi.
Siyosiy maslahatlashuvlar, savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamohanglik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oliy Majlisda tashkil etilgan Braziliya bilan parlamentlararo do‘stlik guruhi faoliyati va Braziliya parlamentida O‘zbekiston bilan do‘stlik guruhini tashkil etish uchun hamkorlik qilish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, parlament aʼzolari o‘rtasida onlayn uchrashuvlar tashkil etish hamda Braziliya Milliy kongressi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.