Oʻzbekiston va Bosniya va Gertsegovina Makka Halol Forumida halol sektoridagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va Bosniya va Gertsegovina Makka Halol Forumida halol sektoridagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Makkah Halal Forum” xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Qurbonov hamda Bosniya va Gersegovina Islom jamiyati huzuridagi Halol sifatni sertifikatlash agentligi direktori Damir Alixodjich o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Maʼlumot o‘rnida, mazkur Agentlik 2006 yilda tashkil etilgan bo‘lib, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni halol standartlar asosida sertifikatlash, ishlab chiqarish jarayonlarini audit qilish hamda Yevropa bozorlarida tan olinadigan halol sertifikatlar berish bilan shug‘ullanadi.
Muzokaralar davomida Davronbek Qurbonov “Made in Uzbekistan” yagona milliy brendi ostida namoyish etilayotgan mahsulotlarni taqdim etdi. Bosniya va Gersegovina tomoni mamlakatda quritilgan mevalar, pista va bodom mahsulotlariga talab yuqori ekanini qayd etib, o‘zbek mahsulotlari sifat va raqobatbardoshlik jihatidan ushbu bozorda munosib o‘rin egallashi mumkinligini taʼkidladi.
Shuningdek, tomonlar tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, B2B uchrashuvlar va savdo missiyalarini tashkil etish orqali hamkorlikni faollashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida Damir Alixodjich o‘zbek mahsulotlarini Bosniya va Gersegovina bozorida targ‘ib qilish va ikki mamlakat ishbilarmonlarini bog‘lashga qaratilgan amaliy choralarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Mazkur muloqot mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.