Oʻzbekiston va Bavariya hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Bavariya hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 10-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Bavariyaning Yevropa ishlari va xalqaro munosabatlar bo‘yicha davlat vaziri Erik Beysvenger bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston–Germaniya munosabatlarining joriy holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va investitsiya loyihalarini kengaytirish uchun amaliy choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, davlat vaziri E.Beysvenger O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.
Xorijiy tomon mamlakatning xalqaro nufuzining barqaror o‘sishini, shuningdek, uning xalqaro maydondagi ishonchli hamkor sifatidagi roli ortib borayotganini alohida ta’kidladi.