Valyuta kurslari 11/12/2025
$1 – 12020.90
UZS – 0,15%
€1 – 13988.72
UZS – 0,01%
₽1 – 155.49
UZS – -0,76%
Qidirish
Oʻzbekiston va AQSh sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar

Oʻzbekiston va AQSh sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar

Oʻzbekiston va AQSh sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov AQSHning yurtimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jonatan Xenik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida davlatlarimiz o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda tobora mustahkamlanib borayotgani, birgalikdagi loyihalar yurtimiz tibbiyotini yana-da rivojlantirishga xizmat qilayotgani aytib o‘tildi.

Ayniqsa, oxirgi ikki oy ichida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga chiqqani, xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil sentyabr va noyabr oylarida BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi hamda Vashington shahriga qilgan amaliy tashriflari doirasida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari o‘zaro munosabatlarda butunlay yangi sahifa ochganligi alohida qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston AQSHning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) hamda boshqa nufuzli tashkilotlari bilan sil va o‘pka kasalliklari profilaktikasi, tibbiyot muassasalarini maxsus uskunalar bilan jihozlash, gepatit B, S hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, sanitariya va epidemiologiya kabi sohalarda hamkorlik qilib kelmoqda.

Taʼlim yo‘nalishida tibbiyot oliygohlarimiz va AQSHning qator bilim yurtlari, xususan, Pittsburg, Olbani, Vebster, Franklin kabi universitetlari hamda ko‘plab klinikalari o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatilgan.

Uchrashuvda tibbiy taʼlim, infeksion kasalliklarni yuqori texnologiyalar yordamida tashxislash, tibbiyot muassasalarini boshqarish, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish va tibbiy sug‘urta kabi sohalarda yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Shuningdek, AQSH kompaniyalari bilan birgalikda O‘zbekistonda dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, yurtimizdagi shifoxonalarni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash masalalari batafsil muhokama qilindi.

Muloqot yakunida mamlakatlarimiz o‘rtasida tibbiyot yo‘nalishidagi hamkorlikni yana-da kengaytirishga kelishib olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling