Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari qishloq xoʻjaligi sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari qishloq xoʻjaligi sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov AQSh Eksport-import banki (US EXIM Bank)ning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha biznesni rivojlantirish menejeri John Ahn hamda “Valmont Industries” kompaniyasi vakillarini qabul qildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish, yirik infratuzilmaviy va investitsion loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, 80 yildan ortiq tajribaga ega “Valmont Industries” kompaniyasi qishloq xo‘jaligida ilg‘or sug‘orish texnologiyalari va muhandislik infratuzilma yechimlari bilan tanilgan global yetakchi hisoblanadi.
Hozirga qadar kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy 1569 gektar maydonda 33 ta zamonaviy Center Pivot sug‘orish tizimi joriy etildi. Xususan, Jizzax viloyatida 1300 gektarda 27 ta, Toshkent viloyatida esa 269 gektarda 6 ta loyiha amalga oshirildi.
Shuningdek, Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyiha alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Loyiha dastlabki bosqichda Peshku, G‘ijduvon va Qorovulbozor tumanlarida 10 ming gektar maydonni qamrab olmoqda. Kelgusida uni 100 ming gektargacha kengaytirish rejalashtirilgan.
Tomonlar US EXIM Bank bilan hamkorlikda mazkur loyihalarni moliyalashtirish, innovatsion sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish hamda agrar infratuzilmani rivojlantirish istiqbollarini ham muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va investitsion loyihalarni izchil amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.