Oʻzbekiston va Afgʻoniston siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 23-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi uchinchi siyosiy boshqarmasi boshlig‘i Abdul Hay Qanit bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar o‘zaro hamkorlikning siyosiy-diplomatik va savdo-iqtisodiy sohalaridagi asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Turli darajadagi ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini qayd etib, mavjud potensiallardan to‘laqonli foydalanishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Tomonlar, shuningdek, xavfsizlik masalalari va Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatish bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tdi va ikki mamlakat tashqi siyosiy mahkamalari o‘rtasidagi amaliy muloqotni kelajakda tizimli ravishda davom ettirishga kelishib oldilar.