Valyuta kurslari 23/12/2025
$1 – 12010.43
UZS – 0,12%
€1 – 14088.23
UZS – 0,26%
₽1 – 151.25
UZS – 1,82%
Qidirish
Oʻzbekiston uy-joy bozori 2025-yilning uchinchi choragida yuqori faollikda qolmoqda

Oʻzbekiston uy-joy bozori 2025-yilning uchinchi choragida yuqori faollikda qolmoqda

Oʻzbekiston uy-joy bozori 2025-yilning uchinchi choragida yuqori faollikda qolmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Markaziy bank 2025-yil III choragi uchun “Ko‘chmas mulk bozori tahlili”ni e’lon qildi. Sharhda uy-joy bozorida yuqori faollik saqlanib qolayotgani, bu jarayon o‘sib borayotgan aholi daromadlari, qurilish ishlarining yuqori hajmi hamda ipoteka kreditlari kengayishi bilan ta’minlanayotgani qayd etiladi. Shu bilan birga, taklif dinamikasi va milliy valyutaning mustahkamlanishi uy-joy narxlarining milliy valyutada mo‘tadil o‘sishiga, AQSh dollari hisobida esa nisbatan sezilarli o‘sishiga olib kelgan.

Ko‘chmas mulk bozoridagi bitimlar faolligi 2025-yil III choragida yanada tezlashdi. Yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan bog‘liq shartnomalar soni 229,8 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,8 foizga oshdi. Ko‘chmas mulk bozoridagi faollikning oshishi, asosan, ipoteka moliyalashtirish hajmining kengayishi, aholi daromadlarining o‘sishi hamda pul o‘tkazmalari ko‘payishi bilan izohlanadi. Xususan, 2025-yil III choragida ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 5,6 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,9 foizga oshdi.

Taklif tomonidan, qurilish sektori yuqori faollikni namoyon etmoqda. 2025-yil yanvar–sentabr oylarida qurilish ishlari hajmining real o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,2 foizga teng bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, qurilish xizmatlari va uy-joyni investitsiya ob’ekti sifatida ko‘rishga bo‘lgan barqaror talabni ifodalaydi.

Shu davrda foydalanishga topshirilgan uy-joylarning umumiy maydoni 11,1 mln kvadrat metrni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 2,4 foizga oshdi. Mazkur o‘sish, asosan, yakka tartibda qurilgan uy-joylar hajmining ko‘payishi hisobiga ta’minlanmoqda, ko‘p qavatli turar-joylarning foydalanishga topshirilishi esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan pastroq darajada shakllanmoqda. Bu holat yirik turar-joy majmualari qurilishining davom etayotgani va ularning keyingi davrlarda foydalanishga topshirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Narxlar dinamikasi nuqtayi nazaridan, hisob-kitob qilinadigan valyutaga qarab turlicha tendensiyalar kuzatildi. Milliy valyutaning mustahkamlanishi fonida uy-joy narxlari indekslarida turli dinamika shakllandi: uy-joy narxlarining AQSh dollari hisobidagi yillik o‘sishi tezlashgan bo‘lsa, so‘m indeksida o‘tgan choraklardagi tendensiyalar saqlanib qolgan. 2025 yil sentyabr oyining yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha ko‘p qavatli birlamchi uy-joy bozorida narxlar so‘mda 2,4 foizga, AQSh dollari hisobida esa 5,5 foizga oshdi. Ikkilamchi ko‘p qavatli uy-joy bozorida esa narxlar so‘mda 1,8 foizga, dollar hisobida 5 foizga ko‘tarildi.

Ijara bozori faolligi III chorakda, asosan, avgust–sentyabr oylarida kuzatiladigan mavsumiy talabning kuchayishi fonida sezilarli oshdi. Ijara to‘lovlari o‘sish sur’ati ham tezlashib, 2025 yil sentyabr oyiga kelib, Toshkent shahrida ijara narxlari indeksining dollar hisobidagi yillik o‘sishi 5,4 foizni, respublika bo‘yicha esa 8,4 foizni tashkil etdi. Ijara narxlarining nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar o‘sishi bilan bo‘lgan tafovutni qisqartirmoqda, bu esa ijara uy-joyiga bo‘lgan talabning kuchayishi va bozorning bosqichma-bosqich muvozanatlashayotganini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, 2025 yilning III choragi ma’lumotlari ko‘chmas mulk bozorida bitimlar sonining ko‘payishi, ipoteka kreditlarining ortishi, aholi daromadlari va qurilish ishlari hajmining yuqori darajada shakllanishi fonida yuqori faollik saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Taklifning o‘sishi va muvozanatli talab narxlarning milliy valyutada mo‘tadil o‘sishini ta’minlamoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling