Oʻzbekiston Sojitz bilan energetika va sogʻliqni saqlash loyihalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 14-noyabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov «Sojitz Corporation» kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy prezidenti Taro Okamura bilan uchrashdi.
«Sojitz Corporation» — Yaponiyaning eng yirik savdo-investitsiya kompaniyalaridan biri bo‘lib, dunyoning 50 mamlakatida 80 dan ortiq vakolatxonalarga ega.
Holding mashinasozlik, transport, energetika, sog‘liqni saqlash, kimyo va konchilik sanoati, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohalarida yirik loyihalarni amalga oshiradi.
Uchrashuv davomida energetika, sog‘liqni saqlash va infratuzilma yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalarining joriy holati va istiqbollari hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish choralari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz hududlarida davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘p tarmoqli shifoxona qurish, 1 573 MVt quvvatga ega bug‘-gaz elektr stansiyasi hamda 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasi barpo etish kabi yirik tashabbuslarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar transport va logistika sohasida yangi obyektlar qurilishiga doir loyihani ilgari surish masalalarini ko‘rib chiqdilar.