Valyuta kurslari 06/02/2026
$1 – 12279.48
UZS – 0,11%
€1 – 14508.21
UZS – 0,11%
₽1 – 159.25
UZS – 0,11%
Qidirish
Oʻzbekiston Senati bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini rad etdi

Oʻzbekiston Senati bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini rad etdi

Oʻzbekiston Senati bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini rad etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining 13-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida taʼkidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli sud-huquq islohotlari inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash hamda sud hokimiyatining mustaqilligini qaror toptirishga qaratilgan. Odil sudlovni taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Qonun bilan sud ishlarini hal etishga noqonuniy aralashuv uchun javobgarlikni aniqlashtirish, sud binosida tartibni buzish holatlariga nisbatan maʼmuriy choralar belgilash, shuningdek soliq organlari ishtirokidagi ayrim soliqqa oid nizolarni maʼmuriy sudlar vakolatiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Ushbu normalar sud hokimiyati nufuzini oshirish va sud qarorlarining xolisligini taʼminlash maqsadlariga qaratilgani alohida qayd etildi.

Shu bilan birga, Qonunda ayrim qayta ko‘rib chiqilishi hamda amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqlashtirilishi lozim bo‘lgan normalar mavjudligi bildirildi.

Xususan, taklif etilayotgan normalar maʼmuriy sud ishlarini yuritishga oid amaldagi protsessual qoidalar bilan uyg‘un emas, bu esa sud amaliyotida huquqiy noaniqlik, turlicha yondashuvlar va nizolar yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.

Senatorlar bu qonun ustuvorligi (rule of law) va sud mustaqilligi (judicial independence) kabi umumeʼtirof etilgan xalqaro huquqiy standartlarga, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadlariga zid ekanini taʼkidladilar.

Bundan tashqari, Qonunni tayyorlash va kiritish jarayonida qonun ijodkorligiga oid belgilangan tartib-taomillarga to‘liq rioya etilmagan. Xususan, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlarni “paket” prinsipi asosida kiritish masalalari eʼtibordan chetda qolgan.

Senatorlar bu kabi holatlar normativ-huquqiy hujjatlar barqarorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi, huquqni qo‘llash amaliyotida qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkinligiga eʼtibor qaratdilar.

Muhokamalar yakunida senatorlar tomonidan qonun ijodkorligida tizimlilik, huquqiy aniqlik va qonun ustuvorligi tamoyillariga qatʼiy rioya etish davlat boshqaruvi samaradorligini taʼminlashning muhim sharti ekani taʼkidlanib, Qonunni taqdim etilgan tahrirda maʼqullash maqsadga muvofiq emas degan xulosaga kelindi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling