Oʻzbekiston Senati 2026-yilga moʻljallangan gender tenglik strategiyasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqladi
Oʻzbekiston Senati 2026-yilga moʻljallangan gender tenglik strategiyasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 13-yalpi majlisida 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosi hamda Strategiyani 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, o‘tgan vaqt davomida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash, xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar salmog‘i avvalgi yillarga nisbatan 2 barobarga oshirilib, 27 foizga yetdi.
Budjet mablag‘larini rejalashtirish jarayonida gender yondashuvni joriy etishga qaratilgan genderga doir indikatorlar ishlab chiqilib, byudjet dasturlari loyihalarini tayyorlash va shakllantirishda foydalanish uchun barcha vazirlik va idoralarga taqdim etildi.
Davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid auditni o‘tkazish uslubiyati yangi tahrirda qabul qilinib, ijroga qaratildi. Mazkur uslubiyat asosida Ichki ishlar vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida genderga oid audit o‘tkazildi.
Agrar sohada 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan Gender tenglik strategiyasi ishlab chiqildi va ijroga qaratildi.
“Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturining 4 ta mavsumi yakunlanib, 244 nafar xotin-qiz o‘qish bilan qamrab olindi. Ularning 60 nafari yuqori lavozimlarga tayinlandi.
Sudyalar oliy maktabiga 2025/2026-o‘quv yili uchun xotin-qizlarga 12 ta qo‘shimcha kvota ajratilishi natijasida 164 nafar tinglovchining 38 nafari yoki 23 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.
2025 yilda xotin-qizlarning 12,4 mlrd so‘mlik 21 ta startap loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Siyosiy partiyalar tomonidan jamiyatda “ayol siyosatchi” obrazi to‘g‘risida ijobiy fikrni shakllantirishga qaratilgan yuzdan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, 27 mingdan ziyod fuqarolar qamrab olindi.
O‘zbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida olib borilgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etildi.
Parlamentlararo ittifoqning Jenevada 2025-yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan 151-sessiyasida O‘zbekiston parlamentlarning quyi palatalarida xotin-qizlar faolligi bo‘yicha dunyoda 15-o‘rinni egallagani qayd etildi.
Jahon bankining bahosiga ko‘ra O‘zbekiston ayollarning iqtisodiy va siyosiy huquqlarini kengaytirishda eng katta yutuqlarga erishgan beshta davlat qatoriga kiritilgan. Ochiq gender maʼlumotlari (Open Data) indeksida esa O‘zbekiston dunyoning eng yaxshi 20 ta mamlakati ro‘yxatidan joy oldi. Gender tenglik va boshqaruv indeksida mamlakatimiz 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi.
Shuningdek, majlisda ayrim maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish kechikayotganligi tanqidiy ruhda muhokama qilinib, tegishli vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berildi.
Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini kengaytirish, mehnatga haq to‘lashda tafovutni kamaytirish, xotin-qizlarni yuqori daromadli moliya, IT sektorlariga keng jalb qilish, davlat korxonalarining ijro organlari, shu jumladan direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibida xotin-qizlar ulushini oshirish, gender tenglikni taʼminlash masalasida shakllangan turli stereotiplarning oldini olish va tegishli meʼyorlarni aholi orasida keng targ‘ib qilish qamrovini kengaytirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.
Senatorlarning fikricha, ushbu Dastur milliy va xalqaro majburiyatlarni bajarishga xizmat qiladi. Dasturdagi vazifalar, tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi lozimli qayd etildi.
Muhokama yakunida ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.