Oʻzbekiston Sawa Group bilan Iroq bozoriga farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Sawa Group bilan Iroq bozoriga farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bog‘dodda davom etayotgan xalqaro ko‘rgazma doirasida "Sawa Group" korxonasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xodimlari, “SEEM” korxonasi vakili, shuningdek "Techno Pharm" va “As-Sunna” kompaniyalari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining bugungi holati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda "Tashkent Pharma Park" farmatsevtika klasteri loyihasining investitsion va ishlab chiqarish imkoniyatlari taqdim etildi.
"Sawa Group" rahbariyati O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlarini Iroq bozoriga yetkazib berish bo‘yicha qiziqish bildirdi.
Shuningdek, kompaniya xalqaro farmatsevtika tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik aloqalariga ega ekani taʼkidlandi. Delegatsiya aʼzolari "Sawa Group"ning zamonaviy ombor majmuasi faoliyati bilan tanishdilar.
Sawa Group 2008 yilda Osiyoning TOP-10 yetakchi korxonalari reytingiga kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda ham Iroq farmatsevtika bozorida kuchli moliyaviy ko‘rsatkichlar, keng distributsiya tarmog‘i va rivojlangan logistika infratuzilmasiga ega yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya xalqaro hamkorlikni kengaytirish va sifatli dori vositalarini bozorga yetkazib berishga izchil sarmoya kiritib kelmoqda.