Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Shensi provinsiyasi delegatsiyasi sanoat hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Shensi provinsiyasi delegatsiyasi sanoat hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 3 mart kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Shensi provinsiyasi Savdo-iqtisodiy departamenti rahbari Sao Gunsyuan boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Shensi provinsiyasi korxonalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlash, hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarda qurilish va loyihalash ishlari, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish, transport sohasi, tog‘-kon va geologik qidiruv ishlari, metallurgiya sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat tarmoqlariga investitsiya jalb qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda o‘zbek va xitoylik tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi taʼkidlandi.
Tomonlar Xitoy–O‘zbekiston hamkorligi “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasida strategik ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.
Ayniqsa, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi, energetika, sanoat va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlik loyihalari O‘zbekistonning transport va logistika salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Uchrashuvda shuningdek, joriy yilning 21–25 may kunlari Shensi provinsiyasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yirik forumga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish, tadbirkorlarni faol jalb etish va o‘zaro tajriba almashish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish, yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va biznes aloqalarni yana-da faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.