Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Janubiy Koreya bilan biznes-forumga tayyorgarlik koʻrish masalalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Janubiy Koreya bilan biznes-forumga tayyorgarlik koʻrish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Janubiy Koreyaning Herald Media Group xoldingi bosh direktori Chxve Djin Yon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Herald Media Group 1953 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Janubiy Koreyaning yirik ingliz tilidagi media kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya Seul shahrida joylashgan bo‘lib, xalqaro biznes-forumlar tashkil etish bo‘yicha katta tajribaga ega va Koreya biznesi hamda xorijiy hamkorlar o‘rtasida samarali muloqotni taʼminlab kelmoqda.
Muzokaralar chog‘ida joriy yil iyun oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston–Koreya biznes forumini o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Taʼkidlanganidek, ushbu tadbir sentyabr oyiga mo‘ljallangan «Janubiy Koreya — Markaziy Osiyo» birinchi sammiti oldidan amalga oshiriladigan tayyorgarlik jarayonlarining muhim qismi sifatida qaralmoqda.
Shuningdek, mazkur tadbir ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish, B2B uchrashuvlar tashkil etish hamda investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida koreyalik kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishini rag‘batlantirish, yangi hamkorlik aloqalarini shakllantirish va o‘zaro amaliy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston–Koreya biznes forumini samarali tashkil etish va tadbir doirasida manzilli biznes uchrashuvlarini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.