Oʻzbekiston Sankt-Peterburgdagi forumda raqamli logistikani targʻib qilmoqda

Oʻzbekiston Sankt-Peterburgdagi forumda raqamli logistikani targʻib qilmoqda

Oʻzbekiston Sankt-Peterburgdagi forumda raqamli logistikani targʻib qilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sankt-Peterburg shahrida Xalqaro transport logistika forumi bo‘lib o‘tmoqda.

“Xalqaro transport koridorlari: integratsiya va uzluksiz logistika zanjiri” mavzusidagi plenar sessiyada transport vaziri Ilhom Maxkamov O‘zbekiston Yevroosiyoning yangi transport arxitekturasini shakllantirishda keng sheriklik uchun ochiqligi va ishonchli bo‘g‘in bo‘lishga tayyorligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shu nuqtayi nazardan I. Maxkamov o‘z nutqi davomida mintaqaning transport-logistika arxitekturasini sifat jihatidan o‘zgartirishga qaratilgan qator ustuvor tashabbuslarni ilgari surdi.

Bozorning barcha ishtirokchilari uchun yetuk raqamli yechimlar muhimligini anglagan holda O‘zbekiston mintaqadagi hamkorlarga o‘zining sinovdan o‘tgan E-Permit texnologik platformasini taqdim etishga tayyor.

Mazkur tizim elektron hujjat aylanishining yagona transkontinental tarmog‘ini yaratish uchun asosiy poydevor sifatida xizmat qilishi mumkin. Bu qisqa muddatda milliy tizimlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish va raqamli ishonchga asoslangan makonni shakllantirish imkonini beradi.

O‘zbekiston butun Yevroosiyo makonida E-Permit, E-TIR va e-CMR tizimlarining to‘liq integratsiyalashuvini ta’minlash tarafdori. Bizning strategik maqsadimiz "ma’lumotlar yukdan oldin" tamoyilini joriy etishga qaratilgan bo‘lishi kerak deya ta’kidladi I. Maxkamov.

Elektron kuzatuv hujjatlaridan keng foydalanish va intellektual monitoring bojxona operatsiyalarini to‘liq avtomatlashtirish, inson omili ta’sirini va hujjatlar aylanishiga ruxsatsiz aralashish xavfini istisno qilish imkonini beradi.

Tovar ayirboshlashning jadal o‘sishi sharoitida tranzit deklaratsiyalari va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni o‘zaro tan olish mexanizmiga o‘tish.

Mamlakatlarimiz bojxona ma’muriyatlari o‘rtasida "to‘liq ishonch" rejimining joriy etilishi biznesning operatsion xarajatlarini keskin kamaytirish va davlat chegaralarini to‘siqlardan holi yuk oqimlarini o‘tkazishning yuqori texnologik kanallariga aylantirish imkonini beradi.

Xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro muvofiqlashgan huquqiy standartlar va tarif siyosatini birxillashtirish.

Faqat tizimlarimizning huquqiy va texnik muvofiqligini ta’minlagan holda, biz biznesga "eshikdan eshikkacha" tamoyili bo‘yicha barqarorlik va ta’minot xavfsizligini kafolatlay olamiz – dedi I.Maxkamov.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling