Oʻzbekiston Rothschild & Co. bilan iqtisodiy islohotlar va xususiylashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Rothschild & Co. bilan iqtisodiy islohotlar va xususiylashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 21-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov “Rothschild & Co” kompaniyasining kuzatuv kengashi aʼzosi Ariyel Malard de Rotshild boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
“Rothschild & Co” — xalqaro miqyosda yetakchi moliyaviy maslahat va investitsiya xizmatlarini koʻrsatuvchi kompaniya boʻlib, 200-yildan ortiq tarixga ega. Kompaniya strategik moliyaviy maslahatlar, qoʻshilish va sotib olish bitimlari, xususiylashtirish jarayonlari, kapital bozorlariga chiqish, aktivlarni boshqarish hamda davlat va xususiy sektor uchun kompleks moliyaviy yechimlar taqdim etishga ixtisoslashgan.
Muloqot davomida tomonlar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlarning borishi va ustuvor yoʻnalishlarini atroflicha muhokama qildi. Xususan, energetika sohasida bozor tamoyillariga bosqichma-bosqich oʻtish doirasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar, ushbu islohotlarning samaralari, bank-moliya tizimini rivojlantirish va davlat ishtirokidagi banklarni xususiylashtirish jarayonlari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish, ularning korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda investitsion jozibadorligini oshirish masalalari muhokama markazida boʻldi.
Muzokaralar yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, belgilangan ustuvor yoʻnalishlarda tizimli va izchil hamkorlik olib borish hamda muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.