Oʻzbekiston Rothschild & Co. bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilmoqda
Oʻzbekiston Rothschild & Co. bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 30-mart kuni ISSV rahbari Laziz Kudratov Ariel Malar de Rotshild boshchiligidagi Rothschild & Co delegatsiyasi bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridagi hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Davlat aktivlarini xususiylashtirish va IPO jarayonlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimizni jahon moliya tizimiga integratsiya qilish maqsadida yirik korxonalarni xalqaro kapital bozorlariga olib chiqish mexanizmlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida mahalliy tadbirkorlar uchun korporativ boshqaruv va investitsiyalarni jalb etish masalalari bo‘yicha o‘quv seminarlarini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Bu chora-tadbirlar milliy kompaniyalarni xalqaro standartlar hamda investorlar talablariga moslashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning xorijdagi investitsiyaviy jozibadorligini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar qo‘shma "yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqish hamda nufuzli moliya institutlari bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan maqsadli tadbirlarni o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Rothschild & Co - investitsiya bankingi sohasida ixtisoslashgan dunyoning yetakchi moliya guruhlaridan biridir. Dunyoning 40 ta davlatida o‘z vakolatxonalariga ega bo‘lgan ushbu kompaniya aktivlarni sotib olish va birlashtirish (M&A), xususiylashtirish hamda aksiyadorlik kapitalini jalb qilish bo‘yicha boy tajribaga ega.