Oʻzbekiston Quvayt investorlari bilan Islom bankini tashkil etish masalasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Shoxrux Gulamov hamda Quvaytning Noor Financial Investment Company kompaniyasi delegatsiyasi, muqobil investitsiyalar bo‘yicha katta vitse-prezident Abdulla Al-Xouli boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida moliya, sanoat, energetika va infratuzilma sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, Quvayt tomonining O‘zbekiston hududida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarida ishtiroki masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda islom qoidalariga asoslangan bank tizimini rivojlantirish va Noor Financial Investment Company ishtirokida O‘zbekistonda yangi islom bankini tashkil etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Quvayt tomoni O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar natijalarini yuqori baholab, mamlakatning investitsiyaviy tashabbuslarida faol ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga tayyorlik bildirgan holda, birgalikda amaliy choralarni ko‘rishga kelishib oldilar.