Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi delegatsiyasi “Grüne Woche 2026” koʻrgazmasida Qozogʻiston va Armaniston bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazdi
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi delegatsiyasi “Grüne Woche 2026” koʻrgazmasida Qozogʻiston va Armaniston bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Germaniya Federativ Respublikasida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Berlin shahrida o‘tkazilayotgan 18-qishloq xo‘jaligi vazirlari konferensiyasida ishtirok etmoqda.
Delegatsiyaga O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov boshchilik qilmoqda. Konferensiya doirasida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.
Xususan, Alisher Shukurov Qozog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Azat Sultanov hamda Armaniston Respublikasi iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Arman Khojoyan bilan uchrashdi. Muloqotlarda yo‘l xaritalari ijrosi, qishloq xo‘jaligida hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-amaliy tajriba almashish hamda investitsiyaviy va innovatsion loyihalar muhokama qilindi.
Tomonlar kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, agroklasterlar faoliyatini rivojlantirish, urug‘chilik, chorvachilik hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha kelishib oldi.
Shuningdek, Armaniston tomoni bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha olib borayotgan islohotlari alohida qayd etildi hamda ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Armaniston tomoniga 2026-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar forumi”da ishtirok etish taklifi bildirildi.
Mazkur konferensiya Yashil hafta — "Grüne Woche 2026" ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tmoqda va unda 70 dan ortiq davlat vakillari qatnashmoqda.