Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari John Deere bilan yangi tashabbuslarni muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev AQSHning “John Deere” kompaniyasi MDH davlatlari bo‘yicha vitse-prezidenti P. Sachse boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Qahramon Yuldashev “John Deere”ning O‘zbekistondagi faoliyatini yuqori baholab, kelgusida hamkorlikni kengaytirish ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini ta’kidladi.
O‘z navbatida, kompaniya vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi. Xususan, o‘zbekistonlik fermerlarni o‘qitish, seminar-treninglar tashkil etish, agrar soha talabalariga qishloq xo‘jaligida sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan dasturlar bilan tanishtirish va o‘qitish yuzasidan takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida vazir o‘rinbosari bildirilgan takliflarni tezroq amaliyotga joriy etish lozimligini ta’kidlab, Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘z vakolatlari doirasida har qanday yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini qayd etdi.
"John Deere" O‘zbekistonda 2008-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. So‘nggi 16 yil ichida kompaniya aniq texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish hamda O‘zbekiston agrosanoat tarmog‘ini zamonaviy uskunalar va avtomatlashtirilgan yechimlar bilan ta’minlashga e’tibor qaratmoqda.