Oʻzbekiston Prezidenti qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish rejalari bilan tanishdi
Oʻzbekiston Prezidenti qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish rejalari bilan tanishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi sakkiz yilda mamlakatimiz aholisi 6 million nafarga ko‘paydi. Shunga mos ravishda yangi uylar, yo‘llar va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini barpo etish ko‘lami kengayib bormoqda. O‘tgan davrda 210 million kvadrat metr turar va noturar joylar foydalanishga topshirildi. Aholi uchun 565 mingta, avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p xonadon qurildi.
Qurilish materiallarining sanoati uchun ham katta imkoniyatlar yaratildi. Uning hajmi so‘nggi sakkiz yilda 4 barobar o‘sib, joriy yilda 53 trillion so‘mga, eksporti esa 1,1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Eng muhimi, bu tarmoq Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm va Jizzax viloyatlarining ilgari sanoati bo‘lmagan tumanlarida ish o‘rni va daromad manbai yaratadigan katta “drayver” sohaga aylandi.
Shu bilan birga, sohada mahsulotlar sifati va standartlarga rioya etish, logistika masalalari, yangi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Jumladan, PVX-quvur, fitinglar, pardozbop tosh va qurilish oynasi ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar mavjud bo‘lsa-da, 2024-yilda ushbu mahsulotlar katta hajmda import qilingani ko‘rsatib o‘tildi.
Taqdimotda kelgusidagi asosiy rejalar bayon qilindi.
Xususan, tarmoqda 2,4 milliard dollarlik 112 ta loyihani amalga oshirish, ular orqali 13,5 mingta ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan. Strategik ahamiyatga ega 110 million dollarlik yana 5 ta yirik loyiha amalga oshiriladi. Kelgusi yillarda loyihalar portfelini 3,5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Prezidentimiz bu loyihalar har bir viloyat va tumanning mavjud zaxiralari, xomashyo bazasi va logistika imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilishi zarurligini ta’kidladi.
Qo‘shni mamlakatlarda 4 milliard dollardan ziyod qurilish materiallari bozori bor. Bundan tashqari, 26 mamlakatga 9 ta mahsulot eksportini keskin ko‘paytirish imkoni mavjud.
Mutasaddilarga hududlar va tarmoqlarning eksport imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, tashqi bozorlarga chiqishni faollashtirish, eksportbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish topshirildi.
Taqdimotda kaolin zaxiralaridan samarali foydalanish masalalari ham o‘rganildi. Yurtimizda 1 milliard tonnadan ortiq kaolin bo‘lishiga qaramay, har yili millionlab dollarlik chinni import qilinayotgani qayd etildi. Shu bois, kelgusi yilda kaolinni chuqur qayta ishlash bo‘yicha 515 million dollarlik 40 ta loyihani amalga oshirish va 460 nafar mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan.
Tarmoqda energiya samaradorligini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kungacha 34 ta korxonada energiya auditining o‘tkazilishi natijasida mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflanadigan yoqilg‘i miqdorining kamayishiga erishildi.
Bu ishlarni tizimli davom ettirib, ishlab chiqarilayotgan energiya tejovchi mahsulotlarning turini kengaytirish, qurilishda foydalaniladigan energiya tejamkor va ekologik mahsulotlarning ulushini kelgusi yili 25 foizga, 2030-yilga qadar esa 35 foizgacha yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Mahsulot sifati va xavfsizligini oshirishda ilm-fanning o‘rni muhimligi, olimlarimizning salohiyatidan kengroq foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Bu borada Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan hamkorlikda 4 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda, Germaniya, Koreya va Turkiyadan olimlar jalb etilgan. Amaliyot va fan integratsiyasini kuchaytirish doirasida kelgusi yildan qurilish materiallari yo‘nalishidagi ilmiy loyihalarni moliyalashtirish uchun 30 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Korxonalarda raqamli boshqaruv va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali tannarxni 5-10 foizga qisqartirish mumkinligi ta’kidlandi. Bunday tizimlar joriy etiladigan korxonalarni ko‘paytirish maqsadida ikki yil davomida 100 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonida qurilish materiallari sohasi ham xalqaro talablarga moslashtirilmoqda. O‘tgan davrda bu borada 125 ta xalqaro standart qabul qilindi. 2026-yilda buni 166 taga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Prezidentimiz belgilangan rejalarni amalga oshirish, yuqori sifatli va xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.