Valyuta kurslari 10/03/2026
$1 – 12191.25
UZS – 0,13%
€1 – 14111.37
UZS – -0,28%
₽1 – 154.20
UZS – -0,57%
Qidirish
Oʻzbekiston Prezidenti qashshoqlik darajasi 5,8% gacha, ishsizlik esa 4,8% gacha kamayishini eʼlon qildi

Oʻzbekiston Prezidenti qashshoqlik darajasi 5,8% gacha, ishsizlik esa 4,8% gacha kamayishini eʼlon qildi

Oʻzbekiston Prezidenti qashshoqlik darajasi 5,8% gacha, ishsizlik esa 4,8% gacha kamayishini eʼlon qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026-yildagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Davlatimiz rahbari kun tartibidagi masalalarga o‘tishdan avval 2025-yil yakunlariga qisqacha to‘xtaldi.

O‘tgan yili iqtisodiyotimiz dastlabki prognozga nisbatan ancha yuqori, ya’ni 7,7 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi 147 milliard dollardan oshgani ta’kidlandi.

Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida o‘sish sur’atlari 2024-yilgidan yuqori bo‘ldi. Jalb qilingan xorijiy investitsiyalar 43 milliard dollarga, eksport hajmi 33,8 milliard dollarga yetdi.

Yuqori iqtisodiy faollik, o‘sayotgan iste’mol talabiga qaramasdan, inflyatsiya darajasi 2024-yildagi 9,8 foizdan 7,3 foizga pasaydi.

“Nima uchun bu raqamlarni aytyapman? Chunki iqtisodiy o‘sish qanchalik barqaror bo‘lsa, infratuzilmani yaxshilashga ko‘proq mablag‘ boradi. Bu pirovardida bandlik, daromad va turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi”, – dedi Prezidentimiz.

O‘tgan bir yilda 366 ming oila kambag‘allikdan chiqqani, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish sohasida qilingan choralar sababli kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushdi.

“Bularning barchasi – islohotlarimiz samarasi bo‘lib, davlat va xalq o‘rtasidagi ishonch tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat.

Lekin hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Biz 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilib, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha katta vazifalarni belgilab oldik.

Chunki mahalla bu – islohot qayerda ishlayotganini ham, qayerda to‘xtayotganini ham aniq ko‘rsatadigan joy. Mahallada ishsiz odam va kambag‘al oila saqlanib qolgan bo‘lsa, demak, islohot o‘sha yerga yetib bormagan. “Yettilik” va bankir odamlar muammosini hal qilmayotgan bo‘lsa, demak, shu yerda tizim ishlamayapti.

Hech bir vazir, viloyat, tuman hokimi, bankir “yettilik”ni bahona qilishga haqqi yo‘q. Imkoniyat va mablag‘ bor, qaror va dastur bor. Yetishmayotgan narsa – mas’uliyat, shaxsiy javobgarlik”, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz mavjud imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha hokimlar va “mahalla yettiligi”ga metodik bilim va tajriba yetishmayotgani, mas’ul vazirlik va idoralar esa ularga ko‘maklashmayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Arnasoyda chorvachilik, Sho‘rchida banan yetishtirish, Quvada anorchilik, Bo‘stonliqda asalarichilik bo‘yicha aholi va tadbirkorlar yaratgan tajribalar shunday ixtisoslashuvga ega boshqa tumanlar uchun yaxshi namuna bo‘la olishi, lekin bundan unumli foydalanilmayotgani qayd etildi.

“Bunday tajribalar hamma joyda bor. Lekin ularni o‘rgatib, qamrovini kengaytiradigan tizim yo‘q!” – dedi davlatimiz rahbari.

Mutasaddilarga bir oyda ishsizlik va kambag‘allik yuqori mahallalardagi imkoniyatlarni o‘rganib, ularga eng yaxshi tajribalarni olib kirish bo‘yicha “metodik qo‘llanma” qilib berish topshirildi. Hokimlar esa joylarda buning ijrosini tashkil etib, odamlarni ishli qilish, daromadini ko‘paytirish, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topishga mas’ul va javobgar bo‘ladi.

“Umuman, bu yil har bir vazirlik va hokimlikning faoliyati mahalla bilan bog‘lanadi, qabul qilinadigan qarorlarda ham mahallada nima o‘zgarishi nazarda tutiladi”, – dedi Prezidentimiz.

1 million aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingga yetkazish, ishsizlik va kambag‘allikni 4,5 foizga tushirish joriy yil uchun vazifa etib belgilandi.

Tumanlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar infratuzilma, turmush darajasi, biznes faollik, moliyaviy imkoniyatlar kabi 20 ta mezon asosida 37 ta “og‘ir” tumanni aniqladi. Bundan tashqari, har bir tuman tahlil qilinib, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 903 ta “og‘ir” mahalla tanlab olindi.

Kambag‘al oilalarning uchdan bir qismi, ishsizlarning 21 foizi ham tanlab olingan 37 ta tuman va 903 ta mahallaga to‘g‘ri kelishi aniqlandi.

Yana 33 ta tuman va 330 ta “og‘ir” mahallaga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish ishlari boshlandi.

“Asosiy kuchni ushbu 70 ta tuman va 1 mingta “og‘ir” mahallaga yo‘naltirsak, respublikada kambag‘allik darajasini 3 foizdan pasaytirishga erishamiz”, – dedi davlatimiz rahbari.

“Og‘ir” tuman va mahallalardagi aholi va tadbirkorlar soliq imtiyozidan ko‘ra, ko‘proq yo‘l, suv, elektr ta’minotini yaxshilab berishni so‘rayapti. Shu munosabat bilan joriy yilda infratuzilmani yaxshilash uchun viloyatlarga 20 trillion so‘m ajratilishi, shundan 12 trillion so‘m “og‘ir” tuman va mahallalarga yo‘naltirilishi belgilandi.

Respublikadan mahalliy budjetga qaytadigan mablag‘ 2 karra ko‘paytirilib, hokimlarga 4 trillion 200 milliard so‘m beriladi. Endilikda viloyat hokimlari “og‘ir” tumanga 10 milliard so‘mdan, 903 ta mahallaning har biriga 1 milliard so‘mdan ajratadi.

Bunga qo‘shimcha har bir “og‘ir” tumanga 50 milliard so‘m, “og‘ir” mahallaga 2 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltiradi. Bu tuman hokimlari va mahalliy kengashlar “og‘ir” tuman va mahallalar uchun qo‘shimcha yana 4 trillion so‘m oladi degani.

“Hokimlar eshitib olsin: bu mablag‘lar infratuzilmani yaxshilash orqali kambag‘allik va ishsizlikni 2 karra qisqartirishga xizmat qilishi shart.

Ushbu tuman hokimlari aholisiga murojaat qiladi. Qaysi mahallada nechta odamni ishli qilib, qancha oilani kambag‘allikdan chiqarishini mahallama-mahalla yurib tushuntiradi.

Shuncha mablag‘ bergandan keyin tuman hokimi xalqning oldida mas’uliyat olib, javob bersin. Hokimlikning faoliyatiga xalqning o‘zi baho bersin”, – dedi davlatimiz rahbari.

Endilikda hududlarni sanoat, qishloq xo‘jaligi va servisdagi “solishtirma ustunligi”dan kelib chiqib rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari bu tizimni Furqat va Dehqonobod tumanlari misolida tushuntirib berdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga 70 ta tuman va 1 mingta “og‘ir” mahallalarning “solishtirma ustunligini” tahlil qilib, ish o‘rni va daromadini ko‘paytirishga turtki beradigan infratuzilma loyihalari bo‘yicha alohida dastur qilish va moliyalashtirishni boshlash topshirildi.

Har bir tumanda 5-10 ta mahallani bog‘laydigan 1-2 gektarli sanoat zona va klasterlar tashkil qilinib, 100 ming nafar odam uchun ish o‘rinlari yaratilishi belgilandi.

Hududlarning bosh rejasini ishlab chiqish uchun Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Turkiyadan mutaxassislar olib kelinmoqda.

Lekin o‘zimizdagi 18 ta oliygohda arxitektura yo‘nalishida yiliga 7 mingga yaqin mutaxassis tayyorlanmoqda.

Hokimlar bitiruvchi talabalarni 903 ta “og‘ir” mahallaning bosh rejasiga jalb qilib, ularni chet ellik mutaxassisga biriktirsa, bu yoshlarimiz uchun ham kasbiy amaliyot, ham tajriba maktabi bo‘lishi ta’kidlandi.

Talabalar o‘rtasida mahalla bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.

Bunday mahallalarga yangicha qiyofa olib kiradigan eng zo‘r loyihalarni ishlab chiqqan talabalar jamoasiga 100 million so‘mdan mukofot beriladi.

Bu orqali zamonaviy yosh arxitektor va urbanistlar korpusi shakllantirilishi ta’kidlandi.

“Og‘ir” tuman va mahallalarda aholini ishli qilish hamda daromadini ko‘paytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr bilan ta’minlash masalasini hal qilish zarurligi qayd etildi.

Buning uchun 903 ta mahallaning har birida 300 kilovattli kichik quyosh stansiyalari qurilib, mahallaga beg‘araz aktiv sifatida beriladi.

Stansiyalardan olingan “yashil” energiya hisobidan har bir mahallada 400-500 million so‘m qo‘shimcha daromad keltiradigan iqtisodiy aktiv paydo bo‘ladi.

Bu “yashil” daromad “yashil” chora-tadbirlarni amalga oshirishga sarflanadi. Ya’ni ushbu mablag‘lar ehtiyojmand xonadonni “yashil” ta’mirdan chiqarib, energiya xarajatini kamaytirish va turmush sifatini yaxshilashga yo‘naltiriladi.

Quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilishga mazkur mahallalarda yashovchi kambag‘al oila a’zolari ishga olinadi. 1-guruh nogironligi bo‘lib, oilasida mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan 6 ming 700 ta xonadon energiya tejamkor qilib ta’mirlanadi.

Bu ishlar ixtisoslashuv darajasi yuqori bo‘lgan yana 1 mingta ilg‘or mahallada ham amalga oshiriladi. Kichik quyosh stansiyalari tayyor holda 7 yil muddatga mahallalarga foizsiz lizingga beriladi.

Prezidentimiz ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish uchun mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Chuqur ixtisoslashgan mahallada turmush farovonligi ancha yuqori, ijtimoiy yordam oluvchilar ham 2 karra kam.

Bugungi kunda 903 ta “og‘ir” mahallada 100 ming gektar tomorqa va ijara yerlari bor. Agar hokimlar “yettilik” bilan suv ta’minotini yaxshilab, urug‘-ko‘chat yetkazib, ixtisoslashuvni tizimli yo‘lga qo‘ysa, u yerdagi odamlarni daromadida, turmush sharoitida keskin o‘zgarish qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Masalan, Nishon tumanidagi Oqoltin mahallasiga nasosda suv chiqarilgani uchun 25 yil tomorqasiga ekin ekmagan 280 ta xonadon 50-60 million so‘m daromad olishni boshladi. Buni uddalagan mahalla aholisi bugun ichki yo‘llar holatini yaxshilashni so‘rayapti. Davlatimiz rahbari ertagayoq bunga 1,5 milliard so‘m ajratishni topshirdi.

“Marhamat, yana qaysi mahalla raisi o‘zi bosh bo‘lib, aholi ko‘nikmasiga qarab, hududni ixtisoslashtirsa, xonadonlarning daromadini 3-4 karra oshirsa, yo‘l, suv, sug‘orish tarmog‘ini yaxshilash uchun yana 2 milliard so‘mdan ajratishga tayyorman.

Bu davlat va mahalla o‘rtasida yangi, o‘ziga xos “ijtimoiy shartnoma” tizimi bo‘ladi”, – dedi Prezidentimiz.

Mahallada ixtisoslashuvni rag‘batlantiradigan qo‘shimcha moliyaviy mexanizmlar ham yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklariga:

– sertifikati bor ko‘chatlarni sotib olish xarajatining yarmi budjetdan qoplab beriladi;

– mevaning turiga qarab, “shpaler”lar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi;

– tomorqasiga tomchilab sug‘orishni joriy qilganlarga har 1 sotix uchun 160 ming so‘m kompensatsiya to‘lanadi.

Agar usta dehqonlar mahalladagi har 10 ta xonadonda eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ysa, 2 million so‘m, buni tomorqasi bor xonadonlarning kamida 30 foizida qilsa, yana 75 million so‘mdan mukofot oladi.

Joriy yil 2 ming gektar o‘rmon yeri 4 ming kambag‘al oilaga 50 sotixdan tutzor qilish uchun 10 yilga bepul beriladi. Bunda pilla kooperativini tuzish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Bundan tashqari, uyida pilla yetishtirish istagidagi ehtiyojmand oilalarga xonani jihozlash va uskuna olish uchun 20 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.

Joriy yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga 140 trillion so‘m kredit ajratilishi belgilangan.

“Ochiq aytish kerak, hozir banklar taklif qilayotgan kreditlar barcha tuman va shaharlar uchun bir xil. Endi o‘zingiz ayting, Olmazor bilan Bo‘zatovdagi imkoniyat va sharoitni taqqoslab bo‘ladimi?

Lekin oilaviy tadbirkorlik uchun ikkala tumanga bir xil, 17,5 foizli kredit ajratilyapti. Endi 37 ta “og‘ir” tumanda ushbu dastur doirasida kreditlar 12 foizdan beriladi”, – dedi Prezidentimiz.

Barcha tumanda oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha imtiyozli kreditning eng ko‘p miqdori 1,5 karra ko‘payib, 50 million so‘mga yetkaziladi. Bunda import qilingan va sertifikatli naslli chorva uchun 100 million so‘mgacha kredit beriladi. Uy mehmonxona, kichik hajmli muzlatkich, mahsulotni saqlash va qayta ishlash mini texnologiyasi uchun 150 million so‘m garovsiz kredit ajratiladi.

Chegara va anklav hududda joylashgan 562 ta mahalladagi tadbirkorlik loyihalarining kredit miqdori 1 milliard so‘mgacha oshiriladi.

Buning uchun joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlariga reja qilingan 3,6 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 2 trillion so‘m resurs yo‘naltirilishi belgilandi.

Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish uchun bu yil banklar 17 trillion so‘mlik kredit ajratadi. Bu jarayonda mahsulot yetishtirishga olingan kreditning 4 foizi, uni qayta ishlash loyihasida esa 6 foizi qoplab beriladi.

“Hokim yordamchilari tashabbuskorlarni topib, mahallada mikro va kichik loyihalarni amalga oshirishni ancha o‘rgandi, tajriba orttirdi. Endi ular o‘zi mas’ul bo‘lgan mahalladagi ishini “loyihaviy yondashuv” asosida tashkil qilishga o‘tadi”, – dedi Prezidentimiz.

Hokim yordamchilarini “loyihaviy yondashuv” asosida ishlashga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilib, buni “og‘ir” mahallalardan boshlash topshirildi. Har bir tuman kesimida “loyihaviy yondashuv” asosida amalga oshiriladigan loyihalar portfeli shakllantiriladi.

“Og‘ir” mahallalardagi bo‘sh yerlar va davlat obyektlarining boshlang‘ich narxini 2-3 karra pasaytirib, sotuvga chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Ish o‘rni va daromadni ko‘paytirish bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 100 ta “og‘ir” mahallaga 1 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi. Ushbu mahallalardagi hokim yordamchilari Xitoy, Turkiya, Koreya, Malayziya kabi davlatlarga bir oylik malaka oshirish kurslariga yuboriladi.

“Mahalla yettiligi” samarasini oshirish bo‘yicha poytaxtda yo‘lga qo‘yilgan tajriba endi barcha tuman va shaharlarda ham tatbiq etilishi belgilandi.

Bundan buyon hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi mahalla raisi taqdimnomasi asosida tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va ishdan olinadi.

Poytaxt, viloyat markazlari va yirik tuman-shaharlardagi jozibador biznes muhiti barqaror tadbirkorlar sinfining shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Masalan, respublikadagi jami sanoatning 62 foizi, xizmatlarning 57 foizi tadbirkorlik salohiyati yuqori 50 ta tuman-shaharga to‘g‘ri keladi. Uch yil oldin ushbu tumanlarda mahalliy budjetning qo‘shimcha daromadi jami 875 milliard so‘m bo‘lgan. Endi esa ularga 8,5 barobar ko‘p, ya’ni 7 trillion 400 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushadi.

Shu bois, 50 ta tuman hokimi imkoniyatini ishga solib, infratuzilmani yaxshilash orqali daromadni ko‘paytirish bo‘yicha qattiq ishlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada poytaxtdagi 12 ta tumanda biznes reja ishlab chiqilib, budjetga yana 5,5 trillion so‘mlik tushum manbasi aniqlandi. Masalan, Olmazor tumanida joriy yil mahalliy budjetga qo‘shimcha 525 milliard so‘m kelib tushishi kutilmoqda.

Masalan, “Kaykovus” kanalining 2 kilometr qismi Eski shahar hududidagi 8 ta mahalladan o‘tgan. Endi ushbu 8 ta mahalladagi hokim yordamchilari bitta “loyiha guruhi”ga birlashib, yaxlit konsepsiya asosida kanal bo‘yida savdo, servis va dam olish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlaydi.

Xuddi shu tartibda turizm, ta’lim, tibbiy xizmatlar, renovatsiya, ko‘l bo‘yi, gavjum ko‘chalar kabi yo‘nalishlarda ham hokim yordamchilaridan iborat “loyiha guruhlari” tashkil qilinadi.

Davlatimiz rahbari yana bir muhim masalaga to‘xtaldi.

Butun respublikada aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha katta tadbir boshlangan.

Hozirgacha jami 7 million 613 ming xonadondan 4 million 776 mingi ro‘yxatdan o‘tdi. Lekin bu boradagi ishlar Toshkent shahri, Farg‘ona, Surxondaryo, Buxoro, Toshkent viloyatida sekin kechmoqda.

“Bunday muhim tadbir 37 yil ichida birinchi marta o‘tkazilyapti.

Ro‘yxatga olish – har bir mahalla, har bir oilaning real holatini aniqlash, kelgusi rejalarni shunga qarab belgilash, eng asosiysi, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi”, – dedi davlatimiz rahbari va barcha yurtdoshlarimizni ro‘yxatga olishda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Yig‘ilishda tuman hokimlari, mahalla raislari, hokim yordamchilarining hisobot va takliflari tinglandi.

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling