Oʻzbekiston Polsha va Chexiya bilan qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilmoqda
Oʻzbekiston Polsha va Chexiya bilan qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 18-Berlin qishloq xo‘jaligi vazirlari konferensiyasi doirasida O‘zbekiston, Polsha va Chexiya vakillari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Xususan, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov Polsha Davlat kotibi Jacek Czerniak hamda Chexiya qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jindřich Fialka bilan ikki tomonlama muloqotlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Tomonlar ilmiy salohiyatni birlashtirish orqali zamonaviy yechimlarni amaliyotga joriy etish muhimligini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar, “aqlli qishloq xo‘jaligi” yechimlari, veterinariya va karantin tizimlarini takomillashtirish, shuningdek xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta’minlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muloqotlar davomida innovatsion tajribalarni o‘zaro almashish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport-import jarayonlarini rivojlantirish orqali o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur uchrashuvlar O‘zbekiston va Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, istiqbolda qo‘shma loyihalar ko‘lamini kengaytirish yo‘lidagi muhim va amaliy qadam sifatida baholandi.