Oʻzbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi Kongress faoliyatini oʻrganish uchun AQShga tashrif buyurdi
Oʻzbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi Kongress faoliyatini oʻrganish uchun AQShga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O. Mamatkarimov, Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Abdikarimova hamda Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi aʼzosi Z. Bekatova O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi tarkibida AQSHga tashrif buyurdi.
Delegatsiyaning tashrifi AQSH Kongress kutubxonasi qoshidagi parlament diplomatiyasini rivojlantirishga ixtisoslashgan “Ochiq dunyo” yetakchilik markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Senatorlar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari AQSH Kongressi faoliyati, qonun ijodkorligi jarayonlari hamda sohaviy siyosat yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishmoqda.
Tashrif AQSH Kongressining Jeyms Medison nomidagi kutubxonasida bo‘lib o‘tgan tanishuv uchrashuvi bilan boshlandi. Shuningdek, “Ochiq dunyo” dasturining maqsad va vazifalariga bag‘ishlangan seminar hamda “Amerika federalizmi: AQSH Kongressi qanday ishlaydi” mavzusida maʼruza tashkil etildi.
Shu bilan birga, delegatsiya aʼzolari AQSH Kapitoliy binosida bo‘lib, kongressmen va senatorlar bilan, jumladan, Markaziy Osiyo bo‘yicha quyi qo‘mita hamda raqamli aktivlar, moliyaviy texnologiyalar va sunʼiy intellekt masalalari bo‘yicha quyi qo‘mita vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlar davomida bugungi kundagi dolzarb yo‘nalishlar, sohalardagi mavjud muammolar va ularning yechimiga qaratilgan yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.
Kongress aʼzolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, byudjet, energetika va savdo qo‘mitalari faoliyati, energetika sohasidagi yangiliklar, iqlim o‘zgarishiga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda ushbu yo‘nalishlarda qabul qilinayotgan qonunlar haqida maʼlumot berildi.