Oʻzbekiston MDH yigʻilishida raqamli qurilish islohotlarini taqdim etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — MDH davlatlari Kengashining 46-yig‘ilishi nafaqat qurilish sohasi bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, balki sohadagi ilg‘or tajriba almashinuvi uchun ham muhim platformaga aylandi.
Anjuman doirasida O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mutaxassilari tomonidan raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi, reyting ball tizimi hamda qurilish obyektlarining ochiq axborot portali bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Mazkur tizimlar sohada ochiqlik va samaradorlikni ta’minlash, investitsion muhitni yaxshilash, shuningdek, nazorat jarayonlarini avtomatlashtirishda muhim o‘rin tutmoqda. Taqdimot davomida MDH davlatlari vakillari O‘zbekistonda qurilish jarayonlarini raqamli platformalarga o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, ushbu tajribani mintaqaviy darajada qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan reyting ball tizimi qurilish tashkilotlarining faoliyatini adolatli baholash, ularning mas’uliyatini oshirish va sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu tizim MDH mamlakatlari uchun ham amaliy ahamiyat kasb etuvchi universal model sifatida e’tirof etildi.
Bundan tashqari ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish sohasida ochiqlik va shaffoflikni oshirish maqsadida ishlab chiqilgan “Mening uyim” billing tizimi haqida ham ma’lumot berildi. Ushbu tizim orqali mavjud 1,4 million xonadondan iborat 42 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylarning boshqaruv jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan. Bugungi kunda hisobotlar, to‘lovlar hamda fuqarolarning murojaatlari raqamli shaklda qayd etilib, aholiga qulay tarzda yetkazildi.
Umuman olganda O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishdagi tajribasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida shaffoflik, hisobdorlik hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan izchil siyosatning amaliy ko‘rinishi sifatida e’tirof etildi.