Valyuta kurslari 28/01/2026
$1 – 12128.02
UZS – 0,25%
€1 – 14419.00
UZS – 0,46%
₽1 – 158.52
UZS – -0,08%
Qidirish
Oʻzbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qoldi

Oʻzbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qoldi

Oʻzbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qoldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Markaziy bank boshqaruvi 2026 yil 28 yanvardagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2025 yilda iqtisodiy faollik kutilganidan yuqori darajada shakllandi va bu jarayonda barqaror yalpi talab omillari ustuvor bo‘ldi. Inflyatsiya pasayish dinamikasida davom etib, tovarlar narxlari o‘sishi sekinlashishi keng qamrovli xususiyat kasb etmoqda.

Shu bilan birga, talab omillari taʼsirida xizmatlar inflyatsiyasining nisbatan yuqori saqlanib qolishi, shuningdek, ayrim oziq-ovqat tovarlari narxlari o‘sishi umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayishiga muayyan xatarlar tug‘dirmoqda. Ushbu sharoitda pul-kredit siyosatining joriy qatʼiy darajada saqlab qolinishi inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasida shakllanishini taʼminlaydi.

Kelgusi choraklarda ham inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishda davom etgan taqdirda, tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishidan kelib chiqib, pul-kredit sharoitlari qatʼiyligini saqlab qolgan holda asosiy stavkani pasayish tomonga ko‘rib chiqish imkoniyatlari yuzaga keladi.

2025 yil dekabr oyida umumiy inflyatsiya prognoz doirasida shakllanib, yillik 7,3 foizgacha pasaydi. Inflyatsiyaning pasayishiga qatʼiy pul-kredit sharoitlari, almashuv kursining mustahkamlanishi va import narxlari taʼsirlarida bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi hissa qo‘shdi. Xususan, dekabr oyida bazaviy inflyatsiya yillik hisobda 5,7 foizgacha pasaydi.

Xizmatlar inflyatsiyasi maʼlum darajada sekinlashganiga qaramasdan, talab omillari taʼsirida umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar pasayish tendensiyasidan to‘xtab, dekabr oyida biroz o‘sishi qayd etildi.

Ushbu omillar inflyatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish uchun pul-kredit sharoitlarini uzoqroq muddat qatʼiy saqlab qolish zarurligini ko‘rsatadi.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Yuqori investitsion faollik, fiskal xarajatlar va pul o‘tkazmalarining ortib borishi iqtisodiyotda daromadlar o‘sishi hamda isteʼmol talabini joriy yilda ham rag‘batlantiruvchi omil bo‘ladi.

Bundan tashqari, ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi bilan bog‘liq xatarlar hamda qish mavsumida taʼminotdagi uzilishlar kelgusi oylarda oziq-ovqat hamda xizmatlar narxlariga oshiruvchi taʼsir ko‘rsatishi mumkin.

Tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklar saqlanib qolishiga qaramasdan umumiy taʼsirlar nisbatan moʻtadil bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy savdo hamkor mamlakatlarda inflyatsiya pasayish trendiga o‘tdi, jahon iqtisodiyotida o‘sish surʼatlari kutilganidan yuqori shakllandi.

Qimmatbaho metallar narxlarining yuqori darajada o‘sishi kelgusida ham eksport tushumlari va byudjet daromadlari tarkibida salmoqli ulushga ega bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifining eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari hisobiga qo‘llab-quvvatlanishi 2025 yilda so‘mning 6,9 foizga mustahkamlanishiga xizmat qildi. Bu, import inflyatsiyasi bosimini kamaytirishga va dollarlashuv darajasini pasaytirishga yordam berdi hamda tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlarini kamaytirdi. Kelgusi oylarda ham tashqi sharoitlarning nisbatan qulay va real samarali almashuv kursi dinamikasini muvozanatli darajada shakllanishi bo‘yicha kutilmalar mavjud.

Joriy iqtisodiy va investitsion faollik fonida yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish surʼatlari 6,5-7 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Bank tizimida likvidlik profitsitining saqlanib qolishi fonida likvidlikni jalb qilish operatsiyalarini jadallashtirilishi pul bozori stavkalari asosiy stavkaga yaqin 13,5-13,8 foiz atrofida shakllanishini taʼminladi. Natijada, ijobiy real foiz stavkalar iqtisodiyotda milliy valyutadagi jamg‘armalarni rag‘batlantirib, pul-kredit sharoitlarini qatʼiylashtiruvchi omil bo‘lib qolmoqda.

Yuqori yalpi talab omillari xususan, fiskal rag‘batlantirishlar hamda yuqori chakana kreditlash surʼatlari sharoitida asosiy stavkani joriy qatʼiy darajada saqlab qolish inflyatsion xatarlarni jilovlashga xizmat qiladi.

Markaziy bank kelgusida ham inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi.

Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026 yil 18 mart kuniga belgilangan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling