Oʻzbekiston Koreya Respublikasi bilan iqtisodiyot va moliya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Koreya Respublikasi bilan iqtisodiyot va moliya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 6-mart kuni Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Von Do Yon hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Ju Xyunsu, iqtisodiyot bo‘yicha mutaxassis Jisu Kim, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Raximova, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi Abdulaziz Xaydarov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va yangi yo‘nalishlar bilan boyitish, iqtisodiyot va moliya tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda hamkorlikni kengaytirish, xususan, sun’iy intellekt yo‘nalishida Koreya Respublikasidan malakali ekspertni jalb qilish hamda raqamli yechimlar asosida moliyaviy boshqaruv tizimini takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Muhokamalar davomida g‘aznachilik yo‘nalishidagi hamkorlik, jumladan, Koreya Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal axborot xizmati (Fiscal Information Service) ekspertlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish hamda Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasini o‘rganish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, uchrashuvda tomonlar mamlakatimizda kuzatilayotgan barqaror demografik jarayonlardan samarali foydalanish, jumladan, “Demografik dividend” imkoniyatlaridan to‘liq va unumli foydalanishni ta’minlash, mehnat bozori ko‘rsatkichlarini xalqaro standartlar asosida baholash hamda aholi turmush darajasi prognozlarini takomillashtirish yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Xususan, ushbu yo‘nalishda quyidagi masalalarda hamkorlikni rivojlantirishga urg‘u berildi.
Demografik prognozlar oqibatida ijtimoiy va infratuzilma obyektlariga bo‘lgan ehtiyojlarni aniqlash uslubiyotini ishlab chiqish;
Demografik dividend metodologiyasini ishlab chiqishda Koreya Respublikasi tajribasidan foydalanish va amaliyotga joriy qilish;
Aholi daromadlari metodologiyasini takomillashtirish.
Tomonlar ushbu hamkorlik davlat moliyasini boshqarish samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va institutsional salohiyatni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiyot va moliya sohalaridagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, ekspertlar darajasida muloqotlarni davom ettirish hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish borasida kelishib oldi.