Oʻzbekiston Karachida boʻlib oʻtgan xalqaro koʻrgazmada oʻzining sayyohlik salohiyatini namoyish etdi

Oʻzbekiston Karachida boʻlib oʻtgan xalqaro koʻrgazmada oʻzining sayyohlik salohiyatini namoyish etdi

Oʻzbekiston Karachida boʻlib oʻtgan xalqaro koʻrgazmada oʻzining sayyohlik salohiyatini namoyish etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida, mamlakatimizning Pokistondagi turizm brend elchisi Chaudhry Hamid Mahmood boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi Karachi shahrida o‘tkazilgan nufuzli Pakistan Travel Mart (PTM) xalqaro turizm yarmarkasida munosib ishtirok etdi. 

Mazkur ishtirok O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimizning boy madaniy merosi, tarixiy obidalari va rang-barang turizm yo‘nalishlarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

PTM Karachi yarmarkasi doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan sayyohlik kompaniyalari, turoperatorlar, mehmonxona biznesi vakillari hamda boshqa soha mutaxassislari ishtirok etdi. O‘zbekiston milliy stendi tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otib, mamlakatimizning jozibador va istiqbolli turizm yo‘nalishi sifatidagi nufuzini yana bir bor namoyon etdi.

Tadbir davomida brend elchi Chaudhry Hamid Mahmood Pokiston Bosh vazirining turizm va axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha maxsus yordamchisi Sardor Ilyos hamda Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi raisi Rana Aftab ur Rehman Rana bilan muzokaralar olib bordi.

Uchrashuvlar chog‘ida ikki tomonlama turizm aloqalarini rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar turizm oqimini oshirish va barqaror hamkorlikni rivojlantirishda o‘zaro hamjihatlik muhim ekanini alohida ta’kidladilar.

O‘zbekiston stendi doirasida ziyorat turizmi, madaniy turizm, ishbilarmonlik turizmi va ta’lim turizmi yo‘nalishlari keng yoritildi. Taqdimot materiallari, manzillar bo‘yicha ma’lumotlar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar orqali Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan O‘zbekistonning noyob turizm imkoniyatlari haqida keng tushuncha berildi.

Mazkur tadbir, shuningdek, xalqaro turoperatorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish va yangi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun qulay platforma bo‘lib xizmat qildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning PTM Karachi yarmarkasidagi muvaffaqiyatli ishtiroki O‘zbekiston Respublikasining Pokistondagi elchixonasi jamoasining faol sa’y-harakatlari natijasida ta’minlandi. Ularning yuqori darajadagi tashkiliy ishlari va fidoyiligi mamlakatimizning munosib tarzda namoyon etilishida muhim omil bo‘ldi. 

Mazkur ishtirok O‘zbekistonning Pokiston va boshqa xalqaro bozorlar bilan turizm sohasidagi hamkorligini kengaytirishga, shuningdek, turizm diplomatiyasi orqali madaniy va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan izchil siyosatining amaliy ifodasidir.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling